Qadrdon filmlar: Oʻzimizning “Shum bola”
Bu film 1977-yilda ishlangan. Uni hamon bolalar, kattalar miriqib tomosha qilamiz.
Bu film 1977-yilda ishlangan. Uni hamon bolalar, kattalar miriqib tomosha qilamiz.
Kartinada aytilgan gaplar tilimizga allaqachon koʻchib ulgurgan. “Ja-aa, katta yongʻin boʻldi. Uzoooq yondi...”, “Haligi... tandirni oldida biroz terlab ketdim”, “Hoy, mulla Omon, Toshkentdagi boyvachcha doʻstlaringizga sizning nomingizdan salom aytib qoʻyaymi-ii?..”, “Xoʻsh, innay keyin-chi?”
Atoqli adib Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari asosida suratga olingan badiiy film hali-hanuz xalqimiz sevib tomosha qiladigan kartinalardan. Mohir rejissyor Damir Salimov tomonidan suratga olingan ushbu film boshdan oxirigacha milliy ruh bilan yoʻgʻrilgan.
Koʻngli toza, begʻubor, samimiy Qoravoy hayotning achchiq-chuchugi, beshafqatligi, kattalarning makkorligi bois quv-shum, hozirjavob, har qanday vaziyatdan munosib chiqib keta oladigan, ori, gʻururini saqlay biladigan yigitchaga aylanadi.
Kartinada Vohid Qodirov, Hamza Umarov, Ergash Karimov, Baxtiyor Ixtiyorov, Rixsi Ibrohimova, Saʼdixon Tabibullayev kabi ustoz sanʼatkorlardan iborat professional ijrochilar rol oʻynagani, yuksak darajadagi rejissyorlik, operatorlik ishi, barchaning oʻz ishiga sidqidildan yondashgani filmning yutuqlari sirasidandir. Mazkur kartina hanuz Oʻzbekistondan olislarda ham sevib tomosha qilinadi. Tomoshabinlar filmni koʻrib, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asarini axtarib qolishi ham bor gap.
Oʻzining aytishicha, mazkur kartina aktyor Abdurayim Abduvahobov uchun ulkan mahorat maktabi, sanʼatga kirib kelishi uchun oʻziga xos debocha vazifasini oʻtagan. Bu filmdan keyin aktyor koʻplab kartinalarda suratga tushgan, teatrlarda yaxshi rollar ijro etgan boʻlsa-da, koʻplarimizning ongimizda u hamon oʻsha quv, samimiy, oʻzimizning “Shum bola”miz tarzida muhrlanib qolgan.
Takror boʻlsa ham aytayin, garchi zamirida ogʻir ijtimoiy masalalar yotgan boʻlsa-da, sodda, jaydari tildagi ushbu film bir lahzada, maroq va zavq bilan koʻriladi. Uning nihoyasida esa har qanday diydasi qattiq tomoshabin ham qattiq taʼsirlanishi, qalbi iztirobga toʻlishi, koʻzi yoshlanishi tayin...
Toʻgʻri, ustoz rejissyorlarimizning bolalar, yoshlarga oid yaxshi kartinalari yoʻq emas. Ularning mehnati va ijodini kamsitmagan holda, yana shuni aytish mumkinki, filmni koʻriboq, bolalik, begʻuborlik haqida shu kabi milliy filmlar yana yaratilarmikan, deb oʻyga ham tolasiz...