Qadimiy zargarlik an’analari zamonaviy talqinda
FOTOREPORTAJ
Buxoro azaldan nafis hunarmandchilik markazi sifatida dong taratgan. Ayniqsa, buxorolik zargarlar yaratgan noyob taqinchoqlar, zarhal bezaklar va milliy naqshlar asrlar davomida yuksak san’at namunasi sifatida qadrlanib keladi. Bugun ana shu boy an’analar zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
2025-yilda tashkil etilgan “Ella Jewelry” mas’uliyati cheklangan jamiyati Buxoroning milliy zargarlik maktabi an’analariga tayanib faoliyat yuritmoqda. Korxonada ishlab chiqarish zamonaviy uskunalar asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, dizayn va uslub jihatidan qadimiy shahar zargarlik an’analarini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buxoro zargarlik maktabiga xos mayin naqshlar, islimiy va gireh uslubidagi bezaklar, yirik markaziy toshlar bilan ishlash hamda tilla va kumush uyg‘unligi yangi kolleksiyalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Ilgari ustalar qo‘l mehnati orqali yaratgan nozik bezaklar bugun yuqori aniqlikdagi zamonaviy uskunalar yordamida yanada mukammal shaklga keltirilmoqda. Shu bilan birga, qo‘l mehnatiga xos elementlar ham saqlanib, har bir buyumga o‘ziga xos joziba bag‘ishlanmoqda.
Ma’lumki, Buxoroda qadimdan “ustoz–shogird” an’anasi asosida faoliyat yuritgan zargarlik ustaxonalari mavjud bo‘lgan. “Ella Jewelry” huzurida tashkil etilgan o‘quv laboratoriyasi ana shu an’anani zamonaviy shaklda davom ettirmoqda.
Bu yerda yosh mutaxassislar milliy naqsh chizish, tosh o‘rnatish, zarhal berish kabi nozik jarayonlarni o‘rganib, amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z mahoratini oshirmoqda. Bu esa Buxoroning ko‘p asrlik zargarlik maktabini asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Korxona markazida tayyor tilla buyumlarni xarid qilish imkoniyati ham yaratilgan. Bu esa shaharga tashrif buyurayotgan mehmonlar uchun qulaylik yaratadi. Milliy uslubda tayyorlangan taqinchoqlar sayyohlar uchun nafaqat xarid, balki Buxoroning madaniy merosini ifoda etuvchi esdalik sovg‘asi sifatida ham qadrlanmoqda.
[gallery-28158]
Muhimi, mazkur loyiha Buxoroning qadimiy zargarlik an’analarini zamonaviy bozor talablari bilan uyg‘unlashtirib, milliy brendni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA