Qadimiy oltin tanga saqlovga olindi
“Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti va Aviatsiya xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Rossiya imperiyasi davriga tegishli oltin tanganing yurtimiz hududidan olib chiqishga bo‘lgan urinishning oldi olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida saqlovga olingan ushbu numizmatika ashyosi 1897 yilda zarb etilgan bo‘lib, Rossiya imperiyasiga tegishli 15 rubllik oltin tangadir. Unda imperator Nikolay II ning portreti hamda Rossiya imperiyasi gerbi tasvirlangan.

Ma’lumot uchun, qadimiy tangalarni Respublikamiz hududidan noqonuniy ravishda olib chiqib ketishga bo‘lgan urinishlar ko‘plab kuzatilmoqda. Jumladan, o‘tgan 2024 yilda bojxona xodimlari tomonidan 41 ta holat qayd etilgan. Natijada jami 468 dona qadimiy numizmatika ashyolari mamlakatimizdan olib chiqib ketilishining oldi olingan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri