Qadimiy eshiklarda qanday mazmun yashiringan? (+video)
Bir eksponat tarixi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat san’at muzeyida 100-200 yillik tarixga ega qadimiy eshiklar saqlanadi. Ular yurtimizning turli hududlaridan keltirilgan bo‘lib, har biri o‘ziga xos me’moriy uslubga ega. Shuningdek, har bir eshik uslubi zamirida o‘ziga xos ma’no-mazmun yashiringan. Xonadon eshiklariga qarab, bu uyning boy yoki kambag‘alga tegishli ekanligi anglashilgan.

Qadimiy eshiklar haqida yana batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lish ilinjida muzey vakiliga yuzlandik.
— Muzeyimizdagi eshiklar asosan XIX asrga tegishli bo‘lib, qayrag‘ochdan yasalgan, — deydi O‘zbekiston davlat san’at muzeyi matbuot kotibi Murodjon Agzamov. — Turli hududlarda turlicha bezaklar bilan ishlangan. Ayniqsa, Buxoroda masjidlaridagi eshiklarda geometrik usullardan foydalanilgan. Boshqa hududlarda esa mayda gulli bezaklardan foydalanilgan.

Eshiklardagi bezaklarga qarab, oilalarning holatini bilishgan. Agar eshiklarning ranglari to‘q yoki bezaklari boshqacha bir ko‘rinishlarda, murakkabroq, bejirim bo‘lsa, demak, bu boy tabaqa vakilining uyi hisoblangan. Agar ranglari och, bezaklari kam bo‘lsa, o‘rtahol oilaning uyi deb qaralgan.
Duradgorlar eshiklarni yasashda islom qonun-qoidalarini ham hisobga olib ishlashgan. Masalan, uchta qo‘ng‘iroqli eshiklarning bitta qo‘ng‘irog‘i erkaklar uchun, ikkinchisi ayollar uchun, uchinchi turi bolalar uchun mo‘ljallangan. Har bir qo‘ng‘iroqning o‘ziga yarasha tovushi, tembri bo‘lgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UoIHwDAf0PU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Eshik qo‘ng‘irog‘i shunga qarab farqlangan va erkak kishi eshik taqillatganda, ayol chiqmagan. Aksincha, ayol kishi eshik taqillatganda, erkak kishi eshik ochmagan. Bolalar qo‘ng‘iroq chalganda esa oila a’zolarining barchasi ham ochishi mumkin bo‘lgan.
Umuman, 19-20-asrga tegishli bo‘lgan har bir eshigimizning o‘ziga yarasha qiziqarli tarixi bor.
Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA