Prezident tashrifidan so‘ng
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1-2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermayotganligini ta’kidlab, aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergandi.
Xo‘sh, Xorazmda nega bu sohani isloh qilishga bunchalik e’tibor qaratilmoqda?
Aeroportlar va ularning infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish ham alohida hududlarning, ham butun mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omil hisoblanadi. Aeroportlar nafaqat transport markazlari, balki shaharlar va hududlarni bog‘laydigan, xalqaro bozorlarga, sarmoya va texnologiyalarga chiqish imkonini beruvchi strategik o‘sish markazlaridir. Xorazmda aynan mana shu strategik maqsadlar ko‘zlangan.
Aytish kerakki, Urganch aeroporti 1932 yilda qurilgan. Afsuski, o‘nlab yillar davomida havo darvozasi taraqqiyotdan ko‘ra ko‘proq turg‘unlik timsoliga aylandi. Eskirgan infratuzilma umidsizlik va noqulaylikkina emas, butun mintaqa rivojiga chin ma’noda to‘siqqa aylanib qolgandi. To‘g‘ri, uning faoliyati davom etdi. Hatto 1999 yilda aeroportga xalqaro maqom ham berildi. Biroq bu vaziyatning tubdan yaxshilanishiga asos bo‘lolmadi. Eskirgan uchish-qo‘nish yo‘laklari, muddatini o‘tab bo‘lgan uskunalar, past imkoniyatlardagi texnik cheklanishlar – bularning barchasi xavfsiz sharoit, barqaror va muntazam havo qatnovini ta’minlay olmadi. Parvozlarni bekor qilish, kechikishlar va sifatsiz xizmat yo‘lovchilar uchun ham odatiy holga aylanib borayotgandi.
Aynan shuning uchun ham transport-kommunikatsiya sohasidagi ishlarni kompleks qayta formatlash ulkan iqtisodiy va turistik salohiyatga ega mintaqadagi vaziyatni tubdan o‘zgartirish maqsadiga qaratildi.
– 2024 yilning iyul-avgust oylari. Aeroportda uzoq muddatli foydalanish inobatga olingan uchish-qo‘nish yo‘lagi kapital ta’mirlandi, – deydi Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov. – Butun 3000 metr uzunlik bo‘ylab qoplama almashtirildi va mustahkamlandi. Qolaversa, ikkinchi va uchinchi transport yo‘laklarining yuzasida ham kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Oxirgi marta Urganchdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish ishlari bundan qariyb 30 yil avval, ya’ni 1997 yilda amalga oshirilganini ham ta’kidlashni istardim. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aeroport “Boing 787”, “Aerbas A330” kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “Turk havo yo‘llari”, “Aeroflot”, “Ural”, “Flay Xiva”, “Silk Avia”, “Sentrum Eyir”, “Red Vings” va “S7” aviakompaniyalari tomonidan muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bu islohotlar aviatsiya sanoatini izchil rivojlantirish yo‘lidagi dastlabki qadamlar,xolos.
Aeroport infratuzilmasiga yo‘naltirilgan sarmoya kelajakka, ya’ni iqtisodiyot, aholi farovonligi va mamlakatning xalqaro obro‘-e’tiboriga sarmoya ekanini bilgan O‘zbekiston rahbariyati mamlakat aeroportlarini xususiy boshqaruvga o‘tkazish chora-tadbirlarini amalga oshirishga kirishdi.
– Bu yo‘nalishdagi birinchi loyiha Samarqand xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va davlat xususiy sherikchilik modeli bo‘yicha xususiy sherik boshqaruviga o‘tkazilishi bilan boshlandi, – deydi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati raisi Javlonbek Umarxo‘jayev. – Keyinchalik xuddi shunday tajriba Namangan va Buxoro aeroportlarida ham qo‘llanildi. “Urganch” xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 avgustdagi qarori bilan boshlandi va ayni paytda “O‘zbekiston aeroports” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Hujjatga muvofiq, Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tenderning barcha bosqichlari yakunlandi. 2024 yil 1 avgustda “Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish” loyihasini qurish-boshqarish-topshirish modeli bo‘yicha amalga oshirish uchun ochiq tender e’lon qilindi. Tanlov jarayoni ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Unda malaka so‘rovi va takliflar so‘rovi talab qilindi. Tenderda sakkizta kompaniya qatnashdi va ulardan beshtasi ikkinchi yakuniy bosqichga o‘tdi, shundan so‘ng idoralararo tender komissiyasi g‘olibni aniqladi. Janubiy Koreyaning Incheon xalqaro aeroporti g‘olib deb topildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib Incheon aeroporti 70 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
– Aynan Urganch xalqaro aeroportining kelajakdagi rivojlanish imkoniyatini juda ham yuqori baholaymiz, – deydi “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi prezidenti Li Xak Je. –Hududda madaniy meros ob’ektlari, diqqatga sazovor ziyoratgohlar, asori- atiqalar ko‘p bo‘lgani bois, sayyohlar oqimining yanada ortishi kuzatilyapti. Hozirgi kunda 700 mingga yaqin yo‘lovchi foydalanayotgan havo darvozasi yo‘lovchilari sonini 2047 yilga borib, loyihamiz amalga to‘liq tadbiq etilgandan so‘ng, 3,5 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mana shu jihatlar bizni O‘zbekistonga kelishga va ochiq tenderda ishtirok etishga turtki bo‘ldi. Aeroportda uchib ketish va uchib kelish terminallari alohida- alohida ekan. Bizning loyihamizda bular integratsiya qilinadi. Bu esa kelib-ketuvchilarga 3 barobar ko‘proq qulaylikni ta’minlab beradi. Bundan tashqari, bu yerda yuk terminali mavjud emas. Bunday hudud ham joriy qilinadi. Xorazm viloyatidan eksport kilinayotgan mahsulotlarni xorijlik iste’molchilarga yoki xaridorlarga tezroq yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Loyihani Urganchda amalga oshiradigan jamoa Xorazm aeroportini yo‘lovchilar uchun eng zamonaviy va qulay aeroportlardan biriga aylantirib, viloyatning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishi kutilmoqda.
– Ta’kidlash lozimki, davlat- xususiy sherikchiligi bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi, – deydi Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov. – Xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish hamda boshqarish, shu jumladan, yer ustida xizmat ko‘rsatish uchun javobgar bo‘ladi. Davlat sherigi aerodrom majmuasini, masalan, uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron kabilarni qurish va boshqarish uchun javobgarlikni o‘zida saqlab qoladi. Loyiha muddati 21 yil. Kompaniya 115 million dollar sarmoya kiritadi. Natijada nazorat punktidagi o‘tkazish salohiyati soatiga 1,3 ming yo‘lovchiga, yiliga 3,3 million yo‘lovchiga yetkaziladi.
Zamonaviy aeroportning afzalligi undagi infratuzilma ishbilarmonlik turizmi, logistika va eksportni rivojlantirishda bosh rolni bajaradi. Zotan, investorlar va kompaniyalar uchun mintaqadagi jozibadorlikni ta’minlovchi resurs bu transport aloqalari qanchalik tez, qulay va ishonchli ekani bilan bog‘liqdir. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar biznes aloqalarini o‘rnatish, tovar ayirboshlashni jadallashtirish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aeroportlarning modernizatsiyasi, odamlarning hayot sifatiga ta’sir etadigan prinsipial muhim masaladir. Bu sayohat, ta’lim uchun yangi imkoniyatlar degani. Shuningdek, zamonaviy terminallar, qulay xizmatlar, parvozlardagi xavfsizlik va muntazamlik odamlar uchun qulay va oson sayohat garovidir, – deydi jurnalist Sarvarjon Rahimov. – Yana bir muhim jihati, mahalliy korxonalar uchun asosiy ish beruvchilar va mijozlar ham shu yerda. Ularning qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va ekspluatatsiyasi minglab ish o‘rinlarigina emas, balki shu bilan bog‘liq tarmoqlar – qurilish, texnik xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantiradi.
Urganch xalqaro aeroporti xorijliklarning Xorazm orqali mamlakatimizga kirishining bosh eshiklaridan hisoblanadi. Bu yerdagi xizmat ko‘rsatish darajasi, arxitekturasi, xavfsizligi va raqamlashtirilgani har qanday kishida davlat haqidagi birinchi taassurotni shakllantiradi. Zamonaviy aeroport – bu millatning yuzi bo‘lib, uning yuqori dinamikasi, texnologik taraqqiyoti va dunyoga ochiqligini aks ettiradi. Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish, ICAO standartlariga muvofiq zamonaviy yoritish tizimlarini o‘rnatish, ixtisoslashtirilgan uskunalar xarid qilish ko‘zda tutilgan. Qurilish va rekonstruksiya ishlari 2025–2027 yillarda yakunlanishi rejalashtirilgan. Yangilanishdan so‘ng aeroport “Boing 747” va “Aerobus A350” kabi yirik samolyotlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi terminalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrni tashkil etadi va uning nazorat punktidagi o‘tkazish darajasi soatiga 1300 yo‘lovchiga yetkaziladi. Ilgari bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 400 tani tashkil etgan. Aeroport yiliga 1,2 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xullas, tez orada “Urganch” xalqaro aeroporti mamlakat aviatsiya sanoatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim eng qulay havo markazlaridan birigina bo‘lib qolmay, balki qadim Xorazmning turistik jozibadorligini oshiruvchi zamonaviy havo darvozasiga aylanadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari