Qabul ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etiladi
Buxoro davlat universitetida 2026/2027 o‘quv yili qabul jarayonlari hamda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori Obidjon Hamidov boshqardi. Universitet o‘quv-uslubiy departamenti boshlig‘i Suhrob Davlatov 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul parametrlari, ta’lim yo‘nalishlari, hujjatlarni topshirish tartibi, shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish mexanizmlari yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, qabul jarayonlari raqamli texnologiyalar asosida, amaldagi me’yoriy hujjatlarga muvofiq hamda ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etiladi.

Tadbirda abituriyentlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, har bir murojaat va savolga tezkor munosabat bildirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Jurnalistlar va blogerlar qabul jarayonining turli jihatlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil va asosli javoblar oldilar. Bu esa universitetning ochiq muloqot va jamoatchilik bilan hamkorlikka tayyor ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Matbuot anjumanida faol hamkorlik uchun bir guruh OAV xodimlariga universitet rahbariyati nomidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri