Qabristonlar ham tozalanib, obod etilmoqda
Namangan viloyatida ham umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostidagi umumxalq obodonlashtirish hasharida O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakilligi va uning tasarrufidagi diniy muassasalar xodimlari ham faol ishtirok etayotir.


Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 189 ta masjid va qabristonlarda umumxalq xayriya hashariga erta tongdan kirishildi. Hashar davomida imom domlalar boshchiligida hamyurtlarimiz faollik va ko‘tarinkilikka chaqirilib, qabristonlar obod qilinmoqda. O‘tganlar haqiga Qur’on tilovat o‘qilib, marhumlar ruhi shod etildi. Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, dehqonchilikka barokot so‘rab, duolar qilindi.


Obodonlashtirish tadbirlari ayni vaqtda mahallalardan tortib, ko‘chalargacha, aholi yashash xonadonlari, ko‘p qavatli uy atroflari, guzar va xiyobonlar, muqaddas ziyoratgohlar, bozorlarda, qo‘yingki, mehnat jamoalarida keng ko‘lamda davom etmoqda.


“Mahallalarni obodonlashtirish” oyligi doirasidagi bunday sa’y-harakatlar asnosida savobli ishlarga ham qo‘l urilmoqda. Mahallalardagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz yashovchi hamda nogironligi bor kishilar holidan xabar olinib, ularning yashash sharoitlari yaxshilanib, uy-joylarini ta’mirlashga ko‘maklashilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA