Qabilalar to‘qnashuvida 64 kishi halok bo‘ldi
Papua-Yangi Gvineyadagi Ambulin va Sikin qabilalari o‘rtasida kelib chiqqan nizo 64 nafar insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Voqea mamlakat shimoliy tog‘laridagi Enga viloyatida sodir bo‘lgan.
Tomonlar jangda xavfli qurollardan foydalangan, mas’ullar o‘q va qurol qayerdan, qanday maqsadda yetkazilayotganini aniqlashga kirishdi.
OAV yozishicha, qabilalar o‘tgan yil ham o‘zaro janjallashgan, o‘shanda 60 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
– Bu nafaqat Enga, balki umuman Papua-Yangi Gvineya hududida men guvohi bo‘lgan eng yirik qotillik, – dedi mamlakat politsiyasi martabali zobiti Jorj Kakas. – Biz ruhiy tushkunlikdamiz.
Avstraliya Bosh vaziri ham vaziyatdan xavotir bildirib, mamlakatga yordam berishini aytgan.