Q i s m a t
Sakson uch yildan so‘ng tiklangan adolat
Sakson uch yildan so‘ng tiklangan adolat
yoxud aka-uka Hasanxon va Husaynxon Niyoziylarning sermahsul va fojiali hayot yo‘liga bir nazar
Bugungi kunda o‘zbek ilm-fani, maorifi, madaniyatiga hissa qo‘shgan, ammo turli sabablarga ko‘ra nomi unutilayozgan o‘nlab ziyolilar haqida so‘z yuritila boshladi. Ularning faoliyati haqida filmlar, maqolalar tayyorlanmoqda.
– Asli andijonlik mudarris Matmusa eshonning egizak olim, pedagog, shoir farzandlari faqat o‘z xalqiga muhabbati va sadoqati tufayligina qatag‘on qurboniga aylangan otam Hasanxon va amakim Husaynxon Niyoziy edi, – deydi keksa pedagog, 92 yoshli Sitoraxon aya Siddiqova. – Ular madrasa ko‘rgan, keng qamrovli, bir necha xorijiy tilda erkin gaplasha oladigan, qator cholg‘ularni chala oladigan, ilmga tashna, tirishqoq, ziyoli kishilar bo‘lgan. Otam juda ko‘p ixtirolarni amalga oshirishda, darsliklar yaratishda ukasiga yordam berdi, u bilan hamkorlik qildi, moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatladi...
Husaynxon Niyoziy fizika va kimyo fanlaridan o‘zbek tilida yaratgan ilk darslik va qo‘llanmalar uzoq yillar yurtimiz ta’lim maskanlarida o‘qitilgan. Keyinchalik o‘zbek ilm-fani tarixida ilk bor radiaktiv moddalar tushunchasini olib kirgan yetuk kimyogar olim, shoir, ixtirochi, fidoyi pedagog bo‘lib yetishdi.
U “Radiaktiv moddalar va ularning ahamiyati“ deb nomlangan asarida o‘zbek olimlaridan birinchi bo‘lib uran, radiy, vanadiy, toriy, mezotoriy, radiotoriy, emanatsiya singari radiaktiv unsurlar va ularning xossalari haqida fikr yuritgan edi.
Husaynxon Roziy taxallusi ostida g‘azallar, she’rlar ham yozgan. Uning qalamiga mansub “Ezsa bukun zolim qo‘llar” she’ri, shuningdek, “Oyto‘ra”, “Gul yuzlarini ko‘rdim”, “Koshki farq aylasayding” singari g‘azallar bir paytlar Turkiston hofizlari tomonidan sevib kuylangan.
Aka-ukalarning Andijondagi uylarida Ahmad Yassaviydan tortib So‘fi Olloyorgacha, Cho‘lpondan to Xemingueygacha bo‘lgan alloma va adiblarning kitoblari turgan. Bu xonadonga Alixonto‘ra Sog‘uniy, Hamza, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Munnavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Sanjar Siddiq, Nabi Rasuliy, G‘ulom Zafariy, Toshmuhammad Qori Niyoziy, Oybek, Yunus Rajabiy, Abbos Bakirov singari madaniyatimizning buyuk namoyandalari tez-tez kelib turishgan.
Husaynxon Niyoziy o‘z davridan ancha oldinga o‘zib keta olgan ixtirochi ham edi. U 1916 yilda mustaqil uchish moslamasini yaratib, Shayxontohurdan havoga uchirgan va Piyonbozorga qo‘ndirgan. Biroq bu harakatlari bilan shahardagi “tartib-intizomni buzganlikda“ ayblanib, chor amaldorlari tomonidan 3 oy qamoq jazosiga hukm qilingan. Husaynxon Niyoziyning robot-qo‘g‘irchoq yaratgani, mo‘jaz GES qurgani, SAGU – bugungi O‘zbekiston Milliy universitetining professori lavozimida mehnat qilgani haqida ham ma’lumotlar bor.
Husaynxon Niyoziy dastavval 1923 yilda turli kurakda turmas sabablar bilan qamoqqa olingan, ko‘p o‘tmay ozodlikka chiqarilgan.
Biroq istibdod asosida qurilgan hukumat uchun mustamlaka yurtlardan yetishib chiqqan ziyolilar, o‘z yurtining, o‘z millatining taraqqiyotini istaydigan, o‘z xalqini uyg‘onishga undaydigan ziyolilar kerak emasdi. Shu bois, xalqimizning minglab asl farzandlari Stalin davri qatag‘oni qurbonlariga aylanishdi.
Hasanxon Niyoziy 1937 yil yozida qamoqqa olinib, o‘sha yil oxirida otib o‘ldirilgan. Ukasi Husaynxon Niyoziy esa 1938 yilda “xalq dushmani” sifatida hibsga olinib, 1942 yilda o‘lim jazosiga hukm qilindi. Aka-ukaning mol-mulki, kitoblari va qo‘lyozmalari musodara qilindi, sakkiz go‘dak boquvchisiz qoldi.
Eng yomoni, bu haqda uning yaqinlariga xabar qilinmagan, olimning oila a’zolari uning tezda oqlanib, uyga qaytishini kutib yuraverishgan. Nihoyat, 1956 yilda sobiq O‘zSSR Oliy sudi ularni oqlash haqida hukm chiqargandagina, yaqinlari aka-ukaning o‘sha kezlardayoq qatl etilganidan xabar topishadi.
Farzandlarini uzoq yillar “xalq dushmanining bolalari“ deb malomat qilishadi, maktabdan chetlashtirishadi. Garchi sud orqali oqlangan bo‘lsalar-da, Ikkinchi jahon urushida qon kechib kelgan o‘g‘illarini vazifalarga loyiq ko‘rishmaydi. Faqat 1967 yilda “Guliston” jurnalida Rustam Rahmonovning Husaynxon Niyoziy haqidagi “Xalq professori” nomli maqolasi, so‘ngra g‘azallari bosilib chiqqachgina, ozroq yo‘l ochiladi.
Zamonlar o‘tdi. Bugun haqiqatlar ro‘yobga
chiqmoqda. Millatning qatag‘onga uchragan ziyolilari nomlari tiklanib, ularning ilmiy va adabiy merosi o‘rganilmoqda.
Joriy yilda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi“ muzeyida, muzeyning Andijon va Guliston davlat universitetlari qoshidagi sho‘balarida ham aka-uka Hasanxon va Husaynxon Niyoziylarning ekspozitsiyasi ochilgan, u yerda ixtirochi olim yaratgan uchish moslamasining kichraytirilgan modelini ham ko‘rish mumkin.
– Yaqinda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umidaxon Teshaboeva Husaynxon Niyoziy yaratgan, 83 yildan beri temir eshiklar ortida yotgan darsliklarni ko‘rsatdi, – deb so‘zida davom etdi onaxon. – Kitoblarni ko‘zimga surtdim, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Kitoblarga faxr va g‘urur tuyg‘ulari bilan nazar solaman. Husaynxon Niyoziyning 1922 yilda bosmadan chiqqan “Hikmat va kimyo“, 1926 yilda chop etilgan “Kimyo darsligi“ va 1929 yilda bosilgan “Kimyo“ kitobi. O‘tgan asrning 20-yillarida ilk marta arab imlosida chop etilgan bu asarlar o‘z paytida o‘zbek o‘quvchilarini fizika va kimyoning sirli, murakkab olamiga olib kirgani va yoshlarga muhtasham yo‘llarni ochib bergani sir emas!..
Jisman mahv qilingan Hasanxon va Husaynxonlarning nabiralari esa bobolarining saodatli yo‘lini davom ettirib oliy ma’lumot olishdi, hayot va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishdi, endilikda oilasi va Vatani baxti uchun fidokorona mehnat qilishmoqda.
Bugun ularning nomi, qilgan ishlari chin ma’noda mardlik va millatparvarlik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda, munosib qadrlanmoqda. Bu haqiqatning vaqtlar, zamonlar o‘tishi bilan baribir o‘z qaddini, qadrini tiklay olishiga yaqqol misol bo‘la oladi.
Muhiddin POLVON,
adib.