Putin va Kim Chen In Uzoq Sharqda uchrashadi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘rtasidagi uchrashuv Uzoq Sharqda bo‘lib o‘tadi, deya ma’lum qildi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Aniqlik kiritilishicha, ikki davlat delegatsiyalari a’zolari o‘rtasida muzokara hamda yakkama-yakka muloqot kutilyapti. Prezident matbuot kotibi so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat yuzasidan keng fikr almashiladi, ikki tomonlama munosabat muhokama qilinadi.
Matbuot anjumani esa rejalashtirilmagan, deya xulosa qildi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreyaning “Koreya ovozi” davlat radiosi KXDR yetakchisi 10 sentyabr kuni Pxenyandan Rossiyaga maxsus poyezdda jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edi.