Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini boshlash taklifi bilan chiqdi. Bu haqda “France 24” nashri ma’lum qilmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi muloqot 15 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilishi mumkin.

Rasmiy Kreml o‘z bayonotida Rossiya muzokaralarni “ziddiyatni to‘xtatish yo‘lida real imkoniyat” deb baholadi. Putin Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan bog‘lanib, muhokamalar uchun Istanbulni vositachilik maydoniga aylantirishni so‘ragan.
Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy RFning bu taklifini diqqat bilan ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Shuningdek, u 12 maydan boshlab 30 kunlik shartsiz sulh e’lon qilishni taklif qildi. Ukraina tomonining pozitsiyasiga ko‘ra, har qanday muloqotdan oldin harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatish zarur.

Zelenskiy sulhni muzokaralarning boshlanishi uchun muhim shart deb atadi va Rossiyaning munosabatini kutayotganini aytdi.
E’tiborli jihati, Vashington bu holatga tezkor munosabat bildirdi. AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina tomonini muzokaralarda qatnashishga undadi. U ushbu muloqotni nizoni tugatish uchun “katta imkoniyat” deb baholamoqda.
O‘z navbatida, Yevropa davlatlari ham tinchlik tashabbusini diqqat bilan kuzatmoqda. Germaniya, Fransiya, Polsha va Buyuk Britaniya rahbarlari Rossiyani 30 kunlik shartsiz sulhga chaqirdi. Agar Rossiya bu taklifni rad etsa, YeI yangi sanksiyalarni ko‘rib chiqishini bildirdi.
Xalqaro ekspertlar fikricha, ushbu diplomatik harakatlar urush boshlanganidan buyon eng sezilarli tashabbus sifatida e’tirof etilmoqda.
M.Sayfullayev, O‘zA