Putin Eronning matonatini yuqori baholadi va…
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Valday” xalqaro munozara klubi yalpi majlisida Eron xalqining irodasi va mardligi butun dunyo e’tiborida turganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Islom Respublikasi davlat va harbiy tizimida mamlakat manfaati yo‘lida fidoyilikka tayyor yuqori malakali kadrlar yetarli, shu bois safdan chiqarilgan har bir rahbar o‘rnini yangi mutaxassis egallay oladi.
RF rahbari Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Lorijoniy o‘ldirilishini jiddiy xato sifatida baholadi. Putin u bilan shaxsan tanish bo‘lgani va marhumni juda hurmat qilganini bildirib, keskinlikni yumshatish va murosaga kelish jarayonida Lorijoniyning tajribasi juda qo‘l kelishi mumkin edi, degan fikrni ilgari surdi.
Yadro dasturi mavzusiga to‘xtalar ekan, Rossiya Eronning boyitilgan uranini o‘z hududida qabul qilishga tayyorligini айтди. Putinning so‘zlariga ko‘ra, ilgari bu taklifni barcha tomonlar, jumladan Isroil ham ma’qullagan. Faqat keyinchalik AQSH o‘z qarashini o‘zgartirib, uranni o‘ziga topshirishni talab qila boshlagan.
Bundan tashqari RF yetakchisi AQSH tomonidan Eronga qarshi kiritilgan noqonuniy sanksiya bekor qilinsa, Hurmuz va Bob-Al-Mandib bo‘g‘ozlarida kemalar xavfsiz va erkin harakati qayta tiklanishini qo‘shimcha qildi.
O‘z navbatida Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Vladimir Putin Eronning marhum Oliy rahbari Ali Humonaiyni hamisha yuksak hurmat qilganini eslatdi. Shu sababli Putin o‘tgan iyul oyida ushbu hurmat belgisi sifatida Medvedevni Humonaiyning dafn marosimida Rossiya nomidan qatnashish uchun yuborgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA