Farhod Boboyev: “Kuz-qish mavsumida barqaror ishlash uchun tayyormiz”
Sanoat korxonalarining kuz-qish mavsumida uzluksiz va barqaror faoliyat yuritishini ta’minlashda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, energetika tizimi va ishlab chiqarish infratuzilmasining mavsumga tayyorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, kimyo sanoatida texnologik jarayonlarning uzluksizligini ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish quvvatlarining ishonchli ishlashini saqlash ustuvor vazifalardan biridir.
Ayni shu maqsadda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalarning 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini ta’minlash, mavjud infratuzilmani texnik jihatdan mustahkamlash va ehtimoliy nosozliklarning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bu haqda “O‘zkimyosanoat” AJ bosh mutaxassisi Farhod Boboyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli ravishda olib bordik. Bunda, avvalo, korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va energetika ob’ektlarining texnik holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratdik.
Tayyorgarlik jarayoni maxsus tashkil etilgan “O‘zkimyosanoat” AJ Markaziy komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirildi. Tizim korxonalarida mavsumga taraddud bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilib, ularning ijrosi bosqichma-bosqich nazorat qilindi.
Asosiy e’tibor ishlab chiqarish jarayoni uchun muhim bo‘lgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, energetika va issiqlik ta’minoti ob’ektlari, texnologik infratuzilma hamda bino-inshootlarning texnik holatini yaxshilashga qaratildi.
Xususan, 3,4 kilometr issiqlik tarmog‘i, 33,8 kilometr elektr tarmog‘i, 0,9 kilometr suv tarmog‘i va 0,8 kilometr gaz tarmog‘ida ta’mirlash ishlari bajarildi.
Shuningdek, energetika tizimining ishonchliligini ta’minlash maqsadida 58 ta transformator podstansiyasi, 34 ta bug‘ qozoni va 29 ta gaz taqsimlovchi punkt texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Kuz-qish mavsumida issiqlik resurslaridan samarali foydalanish va energiya yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida 4 229,5 metr kvadrat issiqlik tarmoqlarida issiqlik izolyatsiyasi ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, 48 824 metr kvadrat binolarning tom qismlari va 3 957 metr kvadrat deraza oynalari ta’mirlandi hamda yangilandi.
Ishlab chiqarish jarayonining barqarorligi nafaqat energetika, balki transport-logistika infratuzilmasining mavsumga shayligiga ham bevosita bog‘liq. Shu sababli, korxonalarning temir yo‘l tarmoqlarida ham zarur texnik tayyorgarlik va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 9 612,7 pogon metr temir yo‘l tarmog‘ida tegishli ishlar bajarildi.
Tayyorgarlik jarayonida har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga alohida e’tibor qaratildi. Natijada tizim korxonalari bo‘yicha rejalashtirilgan 439 ta chora-tadbirning barchasi to‘liq bajarildi.
Bu ishlar “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalarning qishki mavsumda energetika resurslari bilan barqaror ta’minlanishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining ishonchli ishlashi va texnologik jarayonlarni uzluksiz tashkil etish uchun zarur sharoit yaratdi.
Eng muhimi, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish orqali kimyo korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, energiya resurslarini tejash hamda ehtimoliy mavsumiy xatarlarning oldini olishga zamin yaratildi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.