Italiyaning Udine shahridagi “Dacia Arena” stadionida UEFA Superkubogi o‘tkazildi. 50-marotaba tashkil etilgan bu galgi Superkubokda “PSJ” Chempionlar ligasi g‘olibi sifatida, “Tottenxem” esa Yevropa ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan holda ishtirok etdi.
Ushbu uchrashuvning 39-daqiqasida Miki van de Ven va 48-daqiqada Kristian Romero gol urib “Tottenxem” jamoasini 2:0 hisobida oldinga olib chiqdi. Biroq, ikkinchi bo‘limning 85-daqiqasida Kan In Li raqib parijliklarning dastlabki golini darvozaga kiritgan bo‘lsa, Gonsalu Ramush 90+4-daqiqada o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va “PSJ”ni mag‘ubiyatdan qutqarib qoldi.

Shu tariqa, o‘yin 2:2 hisobida o‘z yakuniga yetdi va g‘olib jamoa nomini aniqlash maqsadida jamoalar penaltilar seriyasiga taklif etildi. Unda “PSJ” 4:3 hisobida zafar quchdi va Fransiyaning Parij shahri jamoasi o‘z tarixida ilk bor UEFA Superkubogini qo‘lga kiritdi.
O‘yin davomida “PSJ” futbolchisi Usmon Dembele o‘yinda bitta golli uzatmani amalga oshirdi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etildi.
Ma’lumot o‘rnida: “PSJ” murabbiyi Luis Enrike murabbiylik faoliyatida ikkinchi marta bir yil ichida beshta sovrinni qo‘lga kiritdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Luis qo‘yl ostidagi parijliklar UEFA Superkubogi, Chempionlar ligasi, Liga 1, Kubok va Fransiya Superkubogi g‘olibi bo‘ldi.
Ispaniyalik murabbiy bundan avval – 2015 yilda “Barselona” klubi bilan La Liga, Ispaniya kubogi, Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA