Jizzaxda bojxona xodimlari tomonidan inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
So‘nggi vaqtlarda ko‘plab yoshlarimiz orasida kuchli ta’sir qiluvchi hamda tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini iste’mol qilish, unga haddan tashqari ruju qo‘yish holatlari uchrab turibdi. O‘z o‘rnida, bu illat yoshlarning go‘zal hayotiga va yosh oilalarning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi hamda davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan G‘allaorol tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida, oldindan kuzatuvga olingan “Lasetti” avtomashinasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashinadagi qora sumka ichidan 8 ta kon-valyutada, jami 80 dona oq-qizil rangli kuchli ta’sir qiluvchi dorilar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, yana bir shubha ostiga olingan avtomashina to‘xtatildi va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Xodimlar tomonidan “Kobalt” avtomashinasini boshqarib kelgan fuqaro bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida haydovchining xatti-harakatlari va gap so‘zlari shubha uyg‘otgach, ushbu fuqaro belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, uning oyoq kiyimi, ya’ni paypog‘ining ichida 6 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bojxona xodimlari tomonidan umumiy hisobda 86 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilib, hozir mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri