- Oyi, muzqaymoq olib bering. Bog‘chaga ketayotgan bola g‘ingshib onasini etagiga yopishdi.
Ahmoq, deya ona bolasini qo‘lidan siltab tashladi.Senga ming marotaba aytganman, ko‘chada ko‘rgan narsangga ming‘irlama, ovozingni o‘chir. 4 yoshlar atrofidagi o‘g‘il bolani qo‘lidan yetaklab ketayotgan yoshgina kelinchak uni bir siltadi-da, sudraganicha yo‘lida davom etdi. Bir lahza ko‘chada sotuvda turgan muzqaymoqqa termulganicha bolakay orqasiga qaray-qaray, onasiga ergashdi. Silkilashlar va haqoratlarga hatto ko‘zidan yosh ham chiqmaganini ko‘rib, u bundan-da battariga o‘rganganini tushunib yetdim.
Xo‘sh, muntazam ravishda haqoratlarni eshitgan bola kelajakda kim bo‘lib yetishadi, ertaga o‘z fikrini ayta olmaydigan, hayoti uchun kurashmaydigan bo‘lib qolmaydimi, shaxs sifatida o‘zini ko‘rsata olmay, bor alamini ichiga yutib, ozgina bo‘lsa-da, atrofdagilar tazyiqi, haqoratlarini unutish uchun spirtli ichimliklar ichadigan ojiz bo‘lib ulg‘aymasligiga kim kafolat beradi?
Farzand tarbiyasi jarayonida bola huquqlarining kamsitilmasligi talab etiladi. Oilaviy tarbiya ijtimoiy tarbiyaga nisbatan bolalarning ruhiy olami, hissiyoti va tuyg‘ulariga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.
Afsus, asrlar davomida ildiz otgan, bola tarbiyasi borasida shakllangan qadriyatlar asta-sekinlik bilan yo‘qolib bormoqda. Bolaning tarbiyasi juda ham nozik va jiddiy masala bo‘lib, kelajakda ularning qanday odam bo‘lib yetishishi mamlakatning bevosita iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va ma’naviy rivojini belgilab beradi. Shunday ekan, har bir xalq o‘z kelajagini o‘ylab, farzandlari tarbiyasida o‘ziga xos tarbiya usullarini ishlab chiqqan.
-Oilaviy tarbiyaning qiyinlashuvi shundaki, jamiyat taraqqiy etib borgani sari har tomonlama yetuk insonni shakllantirish talablari ortib boraveradi, - deydi poytaxtimizdagi Uchtepa tumanidagi 396-MTT psixologi Dildora Rahimova.- Bu esa oilada bolaga estetik, jinsiy tarbiya, axloqiy tarbiya berish sifati va ko‘lamini oshirish talabini qo‘yadi. Ta’lim-tarbiya, odob-axloq bolalikdan berilgani ma’qul. Hadisi sharifda ham “Farzandlaringizni hurmat qiling va ularni yaxshi xulq bilan xulqlantiring”, deyilgan.Faoliyatim davomida turli fe’l-atvorga ega bolalar bilan duch kelaman.
Maktabgacha ta’lim muassasasi bola tarbiyasi, uning kelajagida muhim ahamiyat kasb etadigan dargoh. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentyabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ta’kidlagandek, maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblanib, u har tomonlama sog‘lom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Ammo shuni unutmasligimiz kerakki, har qanday holatda bola, avvalo, o‘z oilasidan o‘rnak oladi. Asosiy tarbiya oiladan boshlanadi. Bola aytgannimas ko‘rganini bajaradi. Nosog‘lom muhitda o‘sayotgan bolalarda xavotirlilik, alamzadalik, o‘zini past tutish, namoyishkoronalik, qo‘rquv, kibrlanish kabi salbiy sifatlar shakllanib qoladi. Noto‘liq oiladagi qizaloqlarda erkak kishiga nafrat uyg‘onib, bu uning kelajakda oila qurishiga salbiy ta’sir qilish holatlari ko‘p kuzatilgan.O‘z farzandini kimningdir bolasiga solishtirib, bolani jerkib, o‘z bolasini "men"ligini pastga tushiradigan ota-onalar ham bor. Nosog‘lom muhitda tarbiyalanayotgan boladan “ma’naviy kasal” insonlar shakllanadi.
Ta’lim muassasida ota-onalarni yig‘ib, trening mashg‘ulotlar o‘tkazilib turilishi odatga aylangan. Unda ona va farzand o‘rtasidagi munosabat qanday bo‘lmog‘i lozimligi, farzand oldida er-xotin munosabati, bobo, buvi va nevara munosabatlari, oiladagi boshqa farzandlar bilan munosabat qanday bo‘lish kerakligi, har bir farzandni o‘z o‘rni borligi haqida tavsiyalar berib boriladi. Bola bilan ishlashda, uning ruhiyatini o‘rganishda nafaqat ota-ona, balki tarbiyachi pedagogning ham hissasi katta.
Bolaning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun maktabgacha ta’lim muassasasi ham ota-onalar bilan o‘zaro hamkorlikda ularning maktabgacha ta’lim muassasasi borasidagi fikrlarini hisobga olish, ilk rivojlanish masalalarida ota-onalarga ham zarur tushunchalarni berish, ularni o‘quv-tarbiyaviy jarayonda faol qatnashishga jalb etish,ota-onalarning muassasa hayotida ishtirok etish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab quvvatlash kabi shakllarini tashkil qilish lozim.
Faoliyatimiz davomida “Ilk qadam” maktabgacha ta’lim muassasasining Davlat o‘quv dasturi muhim dasturiamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur dastur bola rivojiga individual yondashuv, uning shaxsini hurmat qilish, uning manfaatlari, ehtiyojlari va rivojlanish darajasini hisobga olish, hissiy qulaylik borasida g‘amxo‘rlik qilish, erkin o‘zini namoyish qilishi uchun sharoitlar yaratishga intilishni ko‘zda tutadi. Shu sababli, rejalashtirish bilan bir qatorda, bola rivojlanishini kuzatib borish pedagog faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Pedagog bolani va uning o‘zini tutishi sabablarini yaxshiroq tushunish, bola rivojini, uning ichki dunyosini ko‘rish, qo‘llab-quvvatlash, rivojlanish yo‘llarini belgilash, ehtiyoj va manfaatlarini aniqlash uchun bola hayotini muntazam kuzatib boradi.
Maktabgacha ta’lim muassasiga tarbiyalanuvchi asosan 3 yoshdan boshlab keladi. Ularning ta’lim muassasasiga ko‘nikishi turli ko‘rinishda kechadi. Qaysidir bola 3 kunda bog‘chaga moslashadi. Nosog‘lom muhitli oilada tug‘ilgan bolalarda bu holat ba’zan juda uzoq muddat davom etadi. Nosog‘lom muhitda o‘sayotgan bolalarda xavotirlilik, alamzadalik, o‘zini past tutish, namoyishkoronalik, qo‘rquv, kibrlanish kabi salbiy sifatlar shakllanishi mumkin. Shuning uchun ham xar bir bola o‘sayotgan oila albatta ahamiyatga ega. Bunday bolalar bilan alohida e’tibor bergan holda shug‘ullanish tavsiya qilinadi.
Abu Ali ibn Sino yosh bolani yaxshi ahloqli, jismonan sog‘lom qilib kamol toptirishda shaxsiy namuna bo‘lish usulini ko‘p uqtiradi: “Bola tarbiyasida eng avvalo oila hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Chunki oilada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hamma narsa, xatto, eng oddiy bo‘lib ko‘rinadigan oilaviy munosabatlar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqatlik va shirin suhan bo‘lish bola kamolotidagi muhim hayotiy vositalardan biridir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA