Prokurorlar davlat dasturi ijrosini o‘rganmoqda
Jizzax viloyati prokurori B.Ibrohimov kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida Do‘stlik tumanining “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inida shu toifadagi aholi bilan uchrashib, kambag‘al oilalarning turmush sharoitini “xonadonbay” tarzda o‘rganib chiqdi.
O‘rganishlar jarayonida viloyat prokurori Prezidentimizning joriy yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ular bilan manzilli dastur asosida ishlashda qonuniylikni ta’minlash, ishsizlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.


Viloyat prokurori tumandagi ijtimoiy ob’ektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorligi borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishib, mavsumni betalofat o‘tkazish, ba’zi ob’ektlarda mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish borasida mutasaddilarga aniq ko‘rsatma, topshiriq, tavsiya va o‘z maslahatlarini berdi.
Viloyat prokurori o‘rinbosari A.Mirzayev esa Zomin tumani Dashtobod shaharchasida aholining kambag‘al qatlami sifatida qayd qilingan oilalarning yashash sharoitlarini atroflicha o‘rganib chiqdi. Ushbu o‘rganishlar davomida og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ular bilan manzilli ishlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berib, ijrosi yuzasidan hisobot talab qilinishini alohida ta’kidladi.


Viloyat prokurori o‘rinbosari A.Mirzayev va Zarbdor tuman prokurori R.Masharipov kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish doirasida yangi ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan Zarbdor tumani Bo‘ston shaharchasidagi tikuvchilik kompleksi faoliyatini o‘rgandi. “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, vaqtinchalik band bo‘lmagan xotin-qizlarni kasbga o‘qitib, ularga tikuvchilikning sir-asrorlarini o‘rgatib, ish bilan ta’minlash yuzasidan korxona mutasaddilariga aniq ko‘rsatmalar berdi.
Paxtakor tuman prokurori X.Gaziyev ham tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ishtirokida o‘ziga biriktirilgan kambag‘al oilalarda bo‘lib, ular bilan yaqindan suhbatlashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari