Prokuror Yangiobodda sayyor qabul o‘tkazdi
Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxo‘jayevning Yangiobod tumanida navbatdagi sayyor qabuli va yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari va Yoshlar ishlari agentligining mahallalardagi vakillari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda turli yo‘nalishlardagi murojaatlarning 23 tasi joyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, qolgani yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlariga aniq vazifa va topshiriqlar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.

Jumladan, ortopedik vositalar so‘rab murojaat qilgan 3 nafar fuqaroga eshitish moslamasi va boshqa tibbiy uskunalar, ayollar va yoshlar daftarlari ro‘yxatida turgan 7 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari hamda 13 kishiga davolanishi va salomatligini tiklashi uchun shifoxonalarga, sihatgohlarga yo‘llanmalar berildi.

Uch kishiga kredit mablag‘lari hisobidan motokultivator ajratilib, 4 nafar fuqaroga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun 120 million so‘mdan uzoq muddatli imtiyozli kredit berish to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, “Har bir oila tadbirkor” tamoyili asosida 30 dan ortiq oila o‘z tomorqasida uzumchilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullanishi va o‘zini o‘zi band qilishi uchun eng zarur bo‘lgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi jihozlari yetkazib berildi, mahalla fuqarolar yig‘ini va soliq inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun turli sport musobaqalari, adabiyot, san’at, kitob mutolaasi, kompyuter savodxonligi bo‘yicha tanlovlar, yoshlar ayniqsa, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish qisqa muddatli o‘quv kurslari faoliyatini yanada kengaytirish, ularga yangi ish o‘rinlari yaratish to‘g‘risidagi masalalarga ham e’tibor qaratilib, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlari zimmasiga aniq topshiriqlar berildi.

Sayyor qabul va yoshlar bilan uchrashuvlar viloyatdagi 2-sektor hududiga kiruvchi boshqa hududlarda ham tashkil etilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA