O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Chirchiq shahridagi «Kimyogarlar» madaniyat saroyida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev, harbiylar, huquq-tartibot idoralari vakillari va ularning yaqinlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Zoyir Mirzayev Prezidentning harbiylarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Ona Vatanni qadrlash, uning ozodligini himoyalash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan harbiylarning zahmatli mehnatlari har qancha e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Toshkent viloyati Prokurori Salom Samadovga 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi hamda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Tohir Aripovga «general-mayor» maxsus unvonlari berildi.

Tadbirda viloyat hokimligi tomonidan bir guruh harbiy xizmatchilarga faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, Olmaliq shahridagi «Metallurg» madaniyat saroyida tashkil etilgan tadbirda OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov barcha harbiy xizmatchilarni, huquq-tartibot idoralari xodimlarini va soha vakillarini bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Sana munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-targ‘ibot idoralari xodimlari, kombinat Idoraviy harbiylashgantirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari, shahar faxriylar Kengashi a’zolari, Mudofaa bo‘limi xizmatchilari rag‘batlantirildi.
2000 yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlaridagi jangovar harakatlarda mardlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning yorqin xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

San’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA