
Bosh prokuratura tomonidan agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Mazkur yo‘nalishda nazoratni ta’minlashda asosiy e’tibor paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari, dehqon, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining buzilgan huquqlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashga qaratilmoqda.
Xususan, o‘tgan yilda ushbu sohada o‘tkazilgan 3 ming 849 tekshirish va tahlillar natijasiga ko‘ra, 21 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Natijada 48 ming 606 nafar shaxsning, shu jumladan, 18 ming 757 qishloq xo‘jaligi korxonalarining buzilgan huquqlari tiklangan.
Dehqon va fermer xo‘jaliklariga 26 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i, 21 milliard so‘mlik naqd pul mablag‘i ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, ularga 24,4 ming tonna mineral o‘g‘it olishda, 20,6 ming tonna yoqilg‘i, 425 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari, 3,7 milliard so‘mlik ehtiyot qismlar olinishi, 5,4 ming tonna urug‘lik chigit, 3 ming tonna urug‘lik g‘alla ajratilishi, ishchi xodimlarning 40 milliard so‘mlik ish haqlari undirib berilishida ko‘maklashilgan.
Prokurorlarning klaster korxonalariga ko‘rsatilgan amaliy yordami bilan 308 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i, 70 million so‘mlik naqd pul mablag‘i ajratilishi ta’minlangan.
Shuningdek, ularga 12,8 ming tonna mineral o‘g‘it olishda, 11,3 ming tonna yoqilg‘i, 31 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi, 1,7 milliard so‘mlik ehtiyot qismlar olinishi, 1,8 ming tonna urug‘lik chigit, 2,4 ming tonna urug‘lik g‘alla va 152 ta ipak qurti qutisi ajratilishi, ishchi xodimlarning 3,8 milliard so‘mlik ish haqlari undirib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.
N.Abduraimova, O‘zA