Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati xabar berdi. Unda ta’kidlanishicha, Qatar poytaxti Doha shahrida qurilish va infratuzilma sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir – “Project Qatar 2025” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
“Project Qatar” ko‘rgazmasi har yili yuzlab kompaniyalarni bir joyga to‘plab, qurilish va infratuzilma sohasidagi innovatsiyalarni targ‘ib etuvchi yetakchi maydon hisoblanadi.

Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekistonning “O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshchiligidagi elektrotexnika sanoati korxonalari “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi markazlashgan stend orqali mahsulotlari va imkoniyatlarini namoyish etmoqda.

Ko‘rgazma davomida milliy stendimiz bilan yaqindan tanishgan Qatar hukumati rasmiylari O‘zbekiston mahsulotlariga yuqori baho berdi.
Tadbir doirasida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik uchrashuvlari, savdo muzokaralari va eksport shartnomalariga erishish rejalashtirilmoqda.
Ko‘rgazma ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA