Professor-o‘qituvchilar maktab o‘quvchilari huzurida
Umumta’lim maktablarida ta’lim sifati hamda o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarni oliy ta’limga keng jalb etish maqsadida Qarshi davlat universiteti rahbariyatining oliygohga biriktirilgan maktablarga tashrifi davom etmoqda.
Qarshi davlat universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirokida Qamashi tumanidagi 43-, 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchilari bilan uchrashuvi tashkil etildi.
43-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan uchrashuvda universitetning bugungi kundagi faoliyati, professor-o‘qituvchilarning salohiyati hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, o‘quvchi-yoshlarning qiziqishlari, kelajakdagi maqsadlari o‘rganildi. O‘quvchilar uchun oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda qo‘shimcha maxsus o‘quv-tayyorlov kurslarini tashkil etish, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra ijodiy va fan to‘garaklarini tashkil etish, besh tashabbus doirasida sport musobaqalari hamda ijodiy kechalar tashkil etish borasida kelishib olindi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasasiga kirish istagida bo‘lgan bitiruvchilar uchun Qarshi davlat universitetiga ekskursiya tashkil etiladigan bo‘ldi. Uchrashuv yakunida maktab jamoasiga zamonaviy tikuv mashinalari, kompyuter jamlanmasi, turli badiiy kitoblar, elektron o‘quv qo‘llanmalar, voleybol va futbol to‘plari sovg‘a qilindi.

65-maktabda bo‘lib o‘tgan muloqot ham samimiy ruhda kechdi. Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari o‘z tajriba va muvaffaqiyat sirlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida ijtimoiy fanlar fakulteti hamda maktab hamkorligida tashkil etilgan insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Maktab o‘quvchilarining taklifiga ko‘ra Qarshi davlat universitetida futbol, voleybol sport turlaridan ijtimoiy fakultet talabalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida sport musobaqalari tashkil etish rejalashtirildi. Muloqot yakunida maktab fondiga zamonaviy kompyuterlar, eng sara adabiyotlar to‘plami va voleybol, futbol to‘plari taqdim qilindi.
O‘.BAROTOV, O‘zA