Professional taʼlim sohasida hamkorlik kengaymoqda
Özbekiston va Rossiya örtasidagi taʼlim, ilm-fan va kasbiy tayyorgarlik sohalaridagi hamkorlik yildan-yilga yangi amaliy loyihalar bilan boyib bormoqda. Ayniqsa, professional taʼlim muassasalarini qöllab-quvvatlaş, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaş, yoşlarga zamonaviy kasb-hunar sirlarini örgatiş borasidagi qöşma taşabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday hamkorlik nafaqat taʼlim sifatini oşiriş, balki mehnat bozorida talab yuqori bölgan malakali mutaxassislarni tayyorlaş uçun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bu haqda “Rossotrudniçestvo”ning Özbekistondagi vakolatxonasi xodimi Asiya Erdniyeva quyidagilarni maʼlum qildi:
– Bugungi kunda professional taʼlim tizimini rivojlantiriş, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlaş va yoşlarga zamonaviy kasb-hunar sirlarini örgatiş alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, transport va temir yöl sohasi uçun malakali kadrlar tayyorlaşda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyğunlaştiriş, talabalarning zamonaviy texnologiyalar bilan işlaş könikmalarini şakllantiriş muhim vazifalardan biridir.
Şu nuqtai nazardan, öquvçilarning işlab çiqariş amaliyotini kuçaytiriş, ularni kelgusidagi kasbiy faoliyatiga puxta tayyorlaş uçun zarur şart-şaroitlarni yaratişga eʼtibor qaratmoqdamiz. Buning uçun taʼlim muassasalarining moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytiriş, öquv ustaxonalarini zamonaviy jihozlar bilan taʼminlaş va xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantiriş muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday taşabbuslar orqali yoşlar nafaqat kasbiy bilim oladi, balki öz sohasida bevosita işlaş uçun zarur amaliy tajriba va könikmalarni ham egallaydi.
Bu borada Toşkent transport texnikumida ham muayyan işlar amalga oşirilayotganini taʼkidlaş lozim. Xususan, texnikumda Özbekiston va Rossiya örtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, yangi amaliy taşabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu jarayonda öquv-işlab çiqariş bazasini takomillaştiriş, taʼlim sifatini oşiriş, şuningdek, talabalar uçun zamonaviy kasbiy könikmalarni egallaşga xizmat qiluvçi qöşimça imkoniyatlar yaratişga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ana şunday hamkorlikning amaliy natijasi sifatida “Rossiya temir yöllari” kompaniyasi tomonidan Toşkent transport texnikumiga “payvandçi” kasbi böyiça amaliy maşğulotlarni taşkil etiş uçun zarur jihozlar va maxsus iş kiyimlari taqdim etildi.
Uşbu yangi uskunalar öquv-işlab çiqariş ustaxonasida amaliy maşğulotlarni yanada samarali taşkil etiş, talabalarga payvandlaşning turli usullarini örgatiş imkonini beradi hamda ularning xavfsiz işlaş könikmalarini mustahkamlaydi.
Şuningdek, maxsus iş kiyimlarining taqdim etilişi ham maşğulotlarni mehnat muhofazasi va xavfsizlik talablariga muvofiq taşkil etişda muhim ahamiyatga ega. Çunki payvandçilik kasbi yuqori masʼuliyat, aniqlik, texnik bilim va xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilişni talab etadi. Talabalarning taʼlim jarayonidayoq ana şu talablarga amal qilişni örganişi ularning kelgusida işlab çiqarişda samarali faoliyat yuritişi uçun mustahkam zamin yaratadi.
Aytiş kerakki, bunday qöşma taşabbuslar yoşlarning kasbiy salohiyatini yuksaltiriş, ularning mehnat bozorida raqobatbardoşligini oşiriş bilan bir qatorda, Özbekiston va Rossiya örtasida professional taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaş, uning amaliy samaradorligini oşirişga ham xizmat qiladi.
ÖzA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.