Professional sport sari muhim qadam
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ham “DXX raisi kubogi” musobaqalari uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
«Sog‘lom yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi» shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu musobaqalar yoshlarning o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun yana bir imkoniyat sanaladi.
Musobaqa uyushmagan, kam ta’minlangan va ayni paytda ishsiz yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishiga, xususan, sportning mini-futbol va futbol turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qorako‘l tumanidagi 50 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar jam bo‘lgan futbol musobaqasida raqiblar qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlandi. Mazkur musobaqaning tuman bosqichi mahallalar kesimida o‘tkaziladi. Ayni paytda Qorako‘l tumani sektorlaridagi mahalla yoshlari o‘rtasida musobaqaning hududiy bosqichlari davom etmoqda. Tumandagi «Paxtakor» markaziy o‘yingohida birinchi hudud S-guruhidagi Chovli, Qorahoji, Yangizamon, Dehqonobod va Kamolot jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi. Barcha o‘yinlar tuzilgan grafik jadval asosida tuman sportni rivojlantirish bo‘limi va tuman Yoshlar ishlari agentligi xodimlari tomonidan tashkil etilayotir.
Musobaqaning sektor birinchiligi uchun bahslarini tuman hokimi Xurshid Tohirov ochib berdi.
–Biz yoshlar uchun o‘zimizni ko‘rsatishga, sport bilan shug‘ullanishga imkon yaratayotgan mazkur turnirda g‘oliblik uchun astoydil harakat qilyapmiz, –deydi dehqonobodlik g‘olib jamoa vakili Shahzodbek Arashev. – Boshqa mahallalar yoshlari bilan kuch sinashish davomida o‘zimizning yutuq va kamchiliklarimizni bilib olyapmiz. Bu musobaqa uyushmagan yoshlar uchun professional sport sari muhim qadam tashlanayotgan ko‘prikka o‘xshaydi.
Mazkur musobaqalarda 16-30 yoshdan iborat 100 ta jamoa ishtirok etmoqda. Shuningdek, musobaqada «Eng yaxshi o‘yinchi», «Eng yaxshi to‘p urar», «Eng yaxshi darvozabon» va «Eng yaxshi murabbiy» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
[gallery-6679]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA