Professional desantchilar vazifani har qanday vaziyatda ham toʻlaqonli uddalaydi
Odatda koʻpchilik havas qiladigan ishlar bir qadar mashaqqatli boʻladi.
Havo-desant tayyorgarligi
Odatda koʻpchilik havas qiladigan ishlar bir qadar mashaqqatli boʻladi. Parashyut bilan sakrashni ham shunga mengzash mumkin. Buni orzu qilmagan, “Maz-za qilib tushasan” deya xayollanmagan yoshlar uchramasa kerak. Aslida parashyutning oʻzi Leonardo da Vinchining xayol mahsuli. Bundan besh yuz yil avval buyuk rassom parashyutni xayolan tasvirlagan. 1786-yilga kelib fransuz fizigi Leonorman ushbu uskunani yaratib, unga “parashut” (grek tilida “para” – qarshi va “shyute” – tushish) deb nom beradi va sinab koʻradi.
Bugungi kunda yurtimizda desantchilar bilan oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar butunlay yangicha koʻrinishga kirgan. Har bir jarayonga yangicha yondashilib, jangovar imkoniyat sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqsad harbiy xizmatchilarni noqulay vaziyatlarda ham qoʻyilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga oʻrgatish, jangovar shayligini yana bir bor sinovdan oʻtkazishdan iborat.
Parashyut bilan sakrash haqida gap ketganda bir qadrdonimizning taassurotlarini eslayman:
– Birinchi marta sakraganingda koʻp narsani his qilmaysan, choʻchimaysan. Keyingisidan oʻtib olsang, muvaffaqiyat seniki. Bu holimni sira unutmayman. Ikkinchi marotaba sakrashimda mashgʻulot bekor boʻlishini, hatto vertolyotda nosozlik yuzaga kelishini istaganman. Xullas, yuragim dov bermagan. Keyin uchinchisi, toʻrtinchisi... Borgan sari koʻnikib, botirlashib borarkansan, – deydi u.
Qobiliyatsiz odamning oʻzi yoʻq. Faqat imkoniyatlarni toʻgʻri baholash, sayqal berish, muntazamlikni taʼminlash lozim. Parashyut bilan sakrash esa mahoratdan tashqari juda katta tavakkalchilik, jismonan chiniqqanlik, ruhiy mustahkamlik, maʼnaviy yuksaklikni ham talab qiladi. Uchish apparatidan ajralib chiqish, havodagi harakat, qurolni havoda jangovar holatga oʻtkazish hamda qoʻnish jarayonini oʻzlashtirish uchun oʻziga xos malaka hosil qilish lozim.
– Bilasizmi, havo-desant tayyorgarligi deganda faqat parashyut bilan sakrashnigina tushunish mutlaqo notoʻgʻri fikr. Avvalo ular kunduzi va tunda, suvda, noqulay sharoitda ham parashyut bilan sakray olishi lozim. Qolaversa, sportning muayyan turi, masalan, qoʻl jangi bilan muntazam shugʻullanishlari kerak. Ular oʻq otishni ham, jangovar mashinalarni boshqarishni ham, muhandislik tayyorgarligini, xullas, barcha jangovar bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirgan boʻlishlari shart. Shundagina ularni haqiqiy desantchi deyish mumkin, – deydi podpolkovnik Gʻulom Tuychiyev.
Toshkent harbiy okrugida joylashgan “Markaz” desantchilar tayyorlash bazasida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlardan birida tin olib oʻtirgan harbiy xizmatchilarning fikrlari bilan oʻrtoqlashish uchun borganimizda adabiy bahs ustidan chiqdik. Ular Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayotlarida uchrashgan yoki koʻrishmaganliklari haqida munozara qilishardi. “Boburnoma”dan dalil keltirayotgan Vatan himoyachisi bizni koʻrib dadillandi. Suhbat tarixiy voqealarga, “Temur tuzuklari”ga ulanib ketdi. Bu bilan ular nafaqat jangovar va jismoniy tayyorgarlik, balki maʼnaviyatdan, kitobxonlikdan ham toblanganliklarini koʻrsatishdi.

