Bugun, 22 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida uzoq kutilgan professional boks oqshomida hamyurtimiz Isroil Madrimov ringga ko‘tariladi.
Katta boks oqshomining markaziy jangi yarim og‘ir vazn toifasida o‘tkaziladi. Unda rossiyalik Artur Beterbiyev va Dmitriy Bivol o‘zaro revansh jangida ro‘baro‘ keladi.

Ilk jangda Artur ochkolar hisobiga ko‘ra, g‘alaba qozonib, mutlaq jahon chempioniga aylangan edi.
Biz uchun ahamiyatli jihati, ushbu boks kechasida hamyurtimiz Isroil Madrimov amerikalik Virjil Ortisga qarshi 12 raundlik chempionlik jangini o‘tkazadi.

Bugungi jang oldidan barcha ishtirokchilar tarozidan o‘tish marosimida hozir bo‘lishdi. Madrimov 69,9 kilo, raqibi 69,4 kilo tosh bosdi. Shu bilan har ikki bokschi belgilangan vazn me’yorini bajardi.
Aytish lozim, faoliyati mobaynida amerikalik bokschi biror marta mag‘lubiyatga uchramagan. O‘tkazilgan 22 ta jangning 21 tasini nokaut bilan yakunlagan. Umid qilamizki, Madrimov bugungi to‘qnashuvda Virjil Ortisni mag‘lub etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA