“Procter & Gamble” Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi hamkori
Shaxsiy gigiyena vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoga mashhur “Procter & Gamble” (P&G) shirkati O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining hamkorlaridan biriga aylandi.
“Procter & Gamble” kompaniyasining Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta vitse-prezidenti Tankut Turnaoglu hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha memorandum imzolandi.

Marosimda Tankut Turnaoglu O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlik orqali mamlakatimizda olimpiya harakati targ‘ibotini kuchaytirishga yordam berishdan mamnun ekanini bildirdi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan qutlab, kompaniya kelgusida sport yo‘nalishida yanada katta loyihalarda ishtirok etishni maqsad qilganini ta’kidladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov futbol va xokkey jamoalarimizning erishgan so‘nggi muvaffaqiyatlari mamlakatimizda jamoaviy sport turlarining rivoji yangi bosqichga chiqayotganidan dalolat ekanini aytib, “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.
Aytish lozim, P&G kompaniyasiga 1837-yil AQSHda asos solingan. Shirkat 40 ga yaqin taniqli shaxsiy gigiyena brendlarini o‘zida jamlagan. 2010-yildan Xalqaro olimpiya qo‘mitasining hamkorlaridan biri hisoblanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA