Probatsiya nazoratidagi shaxslar jazodan muddatidan oldin ozod etilmoqda (+video)
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvarda “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini yanada oshirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Jumladan, probatsiya nazorati ostidagi shaxslarni qonunlarga itoat, hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida hududiy jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar bilan hamkorlikda “Sayyor sud” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Sud jarayonlarida tuzalish yo‘liga o‘tgan, belgilangan taqiq va majburiyatlarni vijdonan bajarib kelayotgan shaxslarni jazo o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish, jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxslarning o‘talmay qolgan jazo muddatini og‘irroq jazo turi bilan almashtirish choralari ko‘riladi.
“Kichik xirmontepa” mahallasida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Probatsiya nazoratidagi 10 nafar shaxs jazodan ozod etildi. Ular axloq tuzatish ishlariga jalb qilinib, ozodlikni cheklash jazosini o‘tab kelayotgan edi. Jazoni o‘tash davomida xulqi, probatsiya qoidalariga rioya qilishi tufayli probatsiya nazoratidan ozod etildi. Chilonzor tumani sudi sudyasi har bir tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqaroning xatti-harakatini chuqur o‘rgandi va o‘z qarorini e’lon qildi.
Sayyor sudda IIV probatsiya boshqarmasi va IIBB probatsiya xizmati rahbarlari, tuman prokurori va boshqa mas’ullar ishtirok etdi. Shuningdek, tumandagi probatsiya nazoratiga olingan shaxslar ham taklif etildi. Ularga qonunlarni hurmat qilish va bo‘ysunish, jamiyatda yurish-turish qoidalariga itoat qilish, insoniylik prinsiplari, muammolarni birgalikda hal qilish yo‘llari tushuntirildi.
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bugungi respublikamiz bo‘yicha o‘tkazilayotgan sayyor sudlarda 163 nafar jazoni o‘tayotgan shaxslar muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA