Prezidentlarning muzokaralari boshlandi
Ko‘ksaroy qarorgohida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Ko‘ksaroy qarorgohida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovning tor doiradagi muzokaralari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sooronboy Jeenbekovni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, bugungi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko‘plab masalalarda hamfikrligi, hamkorlikka mushtarak intilishi tufayli O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib, o‘zaro aloqalar faollashmoqda.
Qirg‘iziston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini O‘zbekiston zaminidan boshlaganingizni yuqori baholaymiz, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sadoqatingiz ifodasi deb qabul qilamiz.
Sooranbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirib, Qirg‘iziston xalqi nomidan chuqur hurmat va ehtirom izhor etdi.
Siz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi davlat chegarasini chinakam do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va sheriklik chegarasiga aylantirdingiz, dedi Qirg‘iziston Prezidenti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot markazi xabar qilishicha, Prezidentlar ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish, yangi o‘tkazish punktlari ochish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, Sooranbay Jeenbekov joriy yil oktyabr oyida bo‘lib saylovda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangan edi. O‘zbekistonga tashrif Sooranbay Jeenbekovning davlat rahbari sifatidagi xorijga ilk rasmiy tashrifidir.