Prezidentimizga qo‘l-qanot bo‘laylik
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan davlatimizning turli yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz qatorida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Botir Matmuratov ham bor. Senator “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.
Botir Matmuratovni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi sifatida faoliyat yuritgan vaqtlaridan buyon taniyman. Bilimli, tajribali inson, katta hayot maktabini o‘tagan rahbar sifatida o‘z o‘rni, so‘ziga ega. Mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘z salohiyatini namoyon etdi. U Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili, hududning past-u balandliklarini, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi haqiqiy holatni yaxshi bilgan inson sifatida Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasida ham faollik ko‘rsatib kelmoqda.
Botir Matmuratovni mustaqillik bayrami hamda davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani bilan qutlar ekanmiz, senator bizga O‘zbekistonimiz haqida o‘z qarashlari, qalb kechinmalarini so‘zlab berdi.
— Mustaqillik arafasida ko‘plab yurtdoshlarimiz qatori men ham davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Menga “Sodiq xizmatlari uchun” medali berildi. Shuning uchun aytamanki, ona Vatanimga, xalqimga, Prezidentimga doim sodiq xizmat qilaman.
O‘zbekistonning 30 yil davomidagi islohotlari, yutuqlari bugun ko‘pchilikning havasini keltiryapti. Ayniqsa, Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz berdi. Davlatimiz rahbari eng dolzarb 15 ta islohotni belgilab berdi. Shu asosida ko‘plab ishlar, bir paytlar hayolimizga ham kelmagan islohotlar amalga oshirilyapti. Masalan, ayrimlarini aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda majburiy mehnat bir paytlar umuman yo‘q bo‘ladi, deb kim o‘ylapti deysiz?! Buni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida aytdi: “O‘zbekistonda bolalar mehnati, majburiy mehnatga chek qo‘yildi”.
Yana bir muhim xalqchil islohot haqida to‘xtalmoqchiman. Hammaga ma’lumki, yaqin-yaqingacha bozor iqtisodiyotidagi eng katta muammolardan biri ishchi-oylikchi odamlar o‘zining olgan maoshini naqd pul qildirish uchun 10-15 foizgacha, chekka qishloqlarda 20 foizgacha birovlarga maoshini berardi. Endilikda bularning bari hal bo‘ldi. Valyuta munosabatlarida katta islohotlar qilindi, joylarda bankomatlar o‘rnatilib, naqd pul olish imkoniyati yaratildi. Bu esa nafaqat odamlar, balki tadbirkorlarimiz uchun ham keng imkoniyat va qulaylik yaratdi. Bu natijalar, albatta, tarixiy hodisalardir.
Bu kabi ishlarning bo‘lishi bizning hayolimizga ham kelmagan, bu muammodan qachon qutulamiz degan o‘y ham bo‘lmagan. Ammo Prezidentimizning qalbida katta mehr bor, insonparvarlik, xalqparvarlik fazilatlari bor. Har doim xalqimizning dardu tashvishi bilan yashaydi, qanday qilib muammolarni hal qilsak ekan, qanday qilib O‘zbekistonni yuksaltirsak ekan, nima qilsak, xalqimizga yaxshi bo‘ladi, degan o‘y-tashvish bilan yashab, xalqchil siyosat olib bormoqda.
Ana shunday yo‘lboshchimiz bor ekan, yangi O‘zbekiston degan yangi yo‘lga qadam bosayotgan ekanmiz, hammamiz Prezidentimizga qo‘l-qanot bo‘laylik, ularning yonida turaylik. Yuqorida aytganimdek, barchamiz Vatanimizga, xalqimizga doim sodiq xizmat qilaylik. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.
Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev, (surat), O‘zA