Prezidentimiz tibbiyotga katta orzular bilan kirib kelayotgan yoshlarga ishonch bildirdi
– Orangizdan kelajakning buyuk shifokorlari, olimlari va kashfiyotchilari chiqishiga ishonaman! Bizning vazifamiz ana shu iqtidorlarni kashf etish, ularga ishonish va orzularini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishdan iborat, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Shu maqsadda “Tibbiyot novatorlari” milliy hamjamiyati tashkil etildi. Mazkur platforma talabalar, yosh shifokorlar, olimlar, tajribali ustozlar va xorijdagi vatandoshlarni birlashtiradi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari so‘zni tibbiyot xodimlariga berib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni birgalikda ro‘yobga chiqarishga topshiriq berdi.
– Men bir narsani so‘rayman: har bir tibbiyot xodimi o‘ziga savol bersin: “Bugun inson salomatligi uchun kechagidan ko‘ra ko‘proq nima qila oldim?”. Agar har birimiz shu savolga javob qidirib ishlasak, tibbiyotimizda ham, xalqimizning salomatligida ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz uchrashuv yakunida.
O‘zA