Prezidentimiz tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi
Samarqandda o‘tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro hamkorlikdagi iqtisodiy, ijtimoiy, savdo-sanoat, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya masalalari atroflicha muhokama qilindi. Samarqand sammiti doirasidagi muhokamalar asosida jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilingani tashkilot faoliyati tarixida rekord ko‘rsatkich, deya baholanmoqda. Darhaqiqat, har bir hujjat o‘z yo‘nalishida tashkilot a’zolarining taraqqiy etishi, o‘zaro hamkorlikdagi rivojlanish yo‘llarini belgilab beradi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev SHHT davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash orqali SHHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash mumkinligini bildirdi. Iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, qator muhim yo‘nalishlarga oid hayotiy tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Prezidentimizning SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash taklifi tashkilot a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbarining SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalarni ta’sis etish borasidagi takliflari bugungi globallashuv sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Jumladan, SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida sport sohasidagi o‘zaro hamkorlik va aloqalar ushbu yo‘nalishda yangi platformalar yaratilishiga zamin bo‘ladi, sohada o‘zaro tajriba almashish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Sport tadbirlari va universiadalar vositasida mintaqa yoshlarining o‘zaro hamjihatligi, ular o‘rtasida sog‘lom muhit barqarorligi mustahkamlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan har bir taklif va tashabbus mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, SHHTning yanada rivojlanishiga, turli sohalarda yangi imkoniyatlarni ochishga, dunyoda hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Soyibjon Tojiboyev,
O‘zDJTSU Paralimpiya fakulteti dekani,
pedagogika fanlari doktori, professor
O‘zA