Prezidentimiz ekologik tashabbuslari bilan barchamizga namuna bo‘lmoqda
Bugun butun Yer yuzida ekologik muammolar dolzarb tus olayotgani barcha davlatlar va xalqlardan ekofaollikni, iqlim o‘zgarishlariga moslashish va zarur choralarni ko‘rishni taqozo etmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham ekologiya davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, Prezidentimiz rahbarligida sohada muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari ishtirokida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazilib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berilgani ushbu islohotlarning amaldagi ifodasidan biri bo‘ldi.
Prezidentimiz ushbu tadbirda nutq so‘zlar ekan, yurtimizda ekologiya va atrof-muhitni asrash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga alohida to‘xtaldi va sohaga oid muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Prezident hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi.

Bu borada yashillar partiyasi vakillari o‘z munosabati va fikrlarini bayon qildi:
Abdushukur Hamzayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi yetakchisi,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari:
— Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berilgani amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, yashil iqtisodiyot tamoyillari izchil hayotga tatbiq etilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Tadbirda respublikamizning barcha hududlari faol ishtirok etib, joylarda keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari tashkil etilgani xalqimizning birdamligi va ezgu maqsadlar yo‘lida birlashganini yana bir bor ko‘rsatdi. Mahallalarda milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, aholini hamjihatlik ruhida birlashtirish hamda yoshlarni bunyodkorlik ishlariga jalb etish borasida ilgari surilgan tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etadi.
E’tiborlisi, ushbu ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismoil Belen, ushbu forumning Kotibiyati direktori Julet Biao, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpusi vakillari ushbu tashabbuslarni yuqori baholab, ularning global ekologik barqarorlikka qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz bu kabi doimiy ekologik tashabbuslari bilan barchamizga shaxsiy namuna bo‘lmoqda. Bunday yashil loyihalarni hayotga keng targ‘ib qilish va ularni samarali amalga oshirish yo‘lida doim kamarbasta bo‘lib, sidqidildan xizmat qilamiz!
Javlon Abdullayev,
Qonunchilik palatasidagi Ekofraksiya a’zosi:
— Biz deputatlar ham davlatimiz rahbari bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdik.
Prezidentimiz o‘z nutqida ilgari “Mening bog‘im” dasturi doirasida har bir loyihaga byudjetdan 250 million so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 million so‘mga oshirilishini aytib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda Prezidentimiz bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud, yashil bog‘ yaratishi uchun 412 million so‘mdan mablag‘ berilishini ma’lum qildi.

Ishonchim komil, xalq vakillariga berilgan ushbu imkoniyat yurtimizni yanada yashillashtirishga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA