Prezident: Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi.
“Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi. Tuproqqal’a va Yangiariqda jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilinib, korxonalarning barqaror energiya ta’minotiga xizmat qilmoqda.
Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda kichik biznes ulushi 81 foizga yetib, viloyat respublikada birinchi o‘ringa chiqdi.
Haftalik aviareyslar 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari 8 tadan 41 taga ko‘paydi. “Toshkent – Xiva” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi, 35 kilometrlik yangi “Urganch – Xiva” avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda.
25 gektarda “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo etildi, tadbirkorlar 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini tashkil qildi. Joriy yil Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.
Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar ob’ektlarni o‘z ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksi ham bunyod etiladi.
– Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda, – dedi Prezident.
O‘zA