Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahridagi Al Hakim at-Termiziy nomli 1-viloyat yosh fizik-matematiklar maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ruxshona Abdurazzaqovaga Prezidentimiz sovg‘asi – “Spark” yengil mashinasini topshirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Termiz shahridagi Bog‘ishamol mahallasida bunyod etilgan 9 qavatli uylarni borib ko‘rdi va zamonaviy uyda istiqomat qilayotgan ikki oila – Nargiza Rahimova hamda Farrux Egamovning xonadonlarida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari osmono‘par yangi uy egalariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, samimiy suhbatlashdi. N.Rahimovaning qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Ruxshona Abdurazzaqova o‘zining hayoti, ta’lim sohasidagi yutuqlari, adabiyot yo‘nalishidagi izlanishlari haqida gapirib berdi. Yaqinda yoshlar ittifoqi sardori etib saylanganini faxr bilan so‘zladi. Iste’dodli yosh ijodkor davlatimiz rahbariga kitoblarini tuhfa etdi.

R.Abdurazzaqova Termiz shahridagi Al Hakim at-Termiziy nomli 1-viloyat yosh fizik-matematiklar maktab-internatining 10-sinfida o‘qiydi. Prezidentimizning farmoni bilan o‘tgan yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘tgan yillarda uchta she’riy kitobi nashr etilgan. “Yosh kitobxon” tanlovi respublika bosqichida ham faol ishtirok etgan.
Prezidentimiz suhbat yakunida izlanuvchan, chuqur bilimga ega qizni tarbiyalab, kamolga yetkazayotgani uchun uning onasi Nargiza Rahimovaga minnatdorchilik bildirib, “Spark” yengil avtomashinasini sovg‘a qildi.
Mazkur sovg‘ani tantanali topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, mahalla ahli, yoshlar va Ruxshona ta’lim-tarbiya olayotgan maktab-internat jamoasi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayramona o‘tgan tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator M.Xojimatov, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, senator O.Soatov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, senator S.Sayidov va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlari, odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

– Prezidentimizning kutilmaganda xonadonimizga kelib, biz bilan samimiy suhbat qilganidan hayajonlanib qoldim, – deydi Ruxshona. – Mening har bir gapimni e’tibor bilan tinglab, “Spark” yengil avtomashinasi sovg‘a qilishini aytganlarida quloqlarimga ishongim kelmadi. Beixtiyor onamning ham mening ham ko‘zimizga sevinch yoshlari keldi. Bu sovg‘a hayotimni yanada o‘zgartirib, ulkan marralarni ko‘zlashga undadi. Bu yuksak ishonchni albatta oqlayman.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA