Prezident topshiriqlari so‘zsiz bajariladi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosi shu bilan birga o‘tkazilayotgan har bir islohotlar viloyat hayotida o‘zining aksini topmoqda. Tahlillarga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatda 12 ming 500 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Ayni paytda 55 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ishlar samarasida 32 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Albatta bu jarayonda muammolarimiz ham yetarli.
Topshiriqqa ko‘ra, har bir mahallaga tushib, tahlil qildik. Viloyatda 94 ta tadbirkorlik muhiti og‘ir bo‘lgan mahallalar aniqlandi. Bu holatni aniqlashda, albatta joylardagi hokim yordamchilari faoliyatidan keng foydalanildi. Olis hududdagi 28 ta, infratuzilmasi og‘ir bo‘lgan 31 ta, lider tadbirkori yo‘q 23 ta, ishsizlik yuqori bo‘lgan 12 ta jami 94 ta mahalla og‘ir mahallalar toifasiga kiritildi.
Bu yo‘nalish bo‘yicha yangi ishni tashkil qilib, mazkur tumanlarda va mahalla fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlik muhitini yaxshilash uchun hokim yordamchilari tomonidan aniqlangan 4 ming 100 ta yangi loyihalar uchun qo‘shimcha 133 milliard so‘m resursga ehtiyoj borligini aytdik. Prezidentimiz tomonidan bu mablag‘ ajratib berildi. Shu bilan birga hozirgi kunda savdoda 144 ta ob’ektimiz turibdi. Shundan 41 tasi bir yildan ortiq muddatda turibdi yoki 82 tasini savdoda turganiga 3 oydan oshgan. Bu yo‘nalish bo‘yicha ham demak 3 oydan oshgan savdoda turgan ob’ektlarimizni 50 foizgacha pasaytirishni tezlashtirish bo‘yicha amaliy yordam so‘radik. Shu bilan birga narxi arzonlashtirilgan va bir yil muddatda savdoda turgan ob’ektlarning qiymatini 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat so‘radik va Prezidentimiz ruxsat berdi. Albatta, bularning kelgusida ishga tushishi byudjetimizga qo‘shimcha 341 milliard so‘m mablag‘ tushishiga olib keladi. Shu bilan birga yangi 1150 ta ish o‘rni paydo bo‘ladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda 561 milliard so‘mlik imtiyozli kredit fuqarolarga tarqatildi. Keyingi yilda 800 milliard va 29 milliard so‘mlik subsidiyaga ehtiyoj bor. Buning natijasida 15 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etiladi. Mahallabay mikro loyihalar shakllantiriladi. 11 mingdan ortiq mikro loyihalarni ishga tushirish uchun 2,5 trillion so‘mdan ortiq kredit sarflanadi. Bu viloyatda 37 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Kelgusi yilda 15 ta “Obod mahalla” markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu 210 ta sub’ektlarni paydo bo‘lishiga olib keladi va 1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Albatta bu tashkil etilayotgan obod mahalla markazlarida monomarkazlar, madaniyat saroylari, hunarmandchilik markazlari, savdo va servis ob’ektlari ishga tushadi. Shu bilan birga aholi xonadonlari oqova suv bilan ta’minlanib, har bir mahallada 20 tadan to‘garak tashkil etiladi. Bu kamida 1,5 mingta farzandlarimizni to‘garaklarga qamrab olish imkonini beradi.
Umuman xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha viloyatning imkoniyatlari juda katta. Yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish uchun 120 gektar yerning toifasini o‘zgartirish bo‘yicha taklif kiritdik. Taklifimiz Prezidentimiz tomonidan ma’qullandi. Mana shu yo‘l bo‘ylarida 1,5 mingdan ortiq yangi servis ob’ektlari tashkil etiladi va bu bilan 6,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Turizm sohasini rivojlantirish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri. Buxoro va Samarqand viloyatlarida keladigan turistlarni Qashqadaryo viloyatiga jalb qilish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yilgan. Sahrodan muzlikkacha turizm magistrali tashkil etilmoqda. Bu yo‘nalishda demak Samarqand viloyatidan Chiroqchi tumani orqali Shahrisabz tumaniga keladigan 30 kilometr yo‘l bo‘yicha masala ko‘tarildi va bu ta’mirlashga qo‘yildi. Albatta bunday maskanlarni tashkil etishimiz, yangi dam olish maskanlari, umumiy ovqatlanish maskanlari yoki yangi mehmonxonalar, mehmon uylari tashkil etiladi. Bu xorijiy turistlar sonini uch baravarga, mahalliy turistlar sonini ikki barobarga oshishiga va eksport salohiyatimizni 10 milliondan 100 million dollargacha o‘stirish, 10 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Sanoat sohasini rivojlantirish ham viloyat oldida turgan eng muhim vazifalardan sanaladi. Chunki sanoatda bugungi kunda 45 ming nafarga yaqin fuqarolar ishlaydi. Viloyatda joylashgan yirik sanoat korxonalari bilan kafolatli xarid mexanizmi joriy qilinmoqda. Bu yo‘nalishda 65 ta 640 milliard so‘mlik loyihalar shakllantirildi. Shu bilan birga sanoat zonalari salohiyatidan foydalanish uchun Qashqadaryo viloyatida imkoniyatlar juda katta. Shahrisabz shahrida joylashgan bo‘sh turgan ob’ektlarda 50 ta loyiha asosida yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etishni o‘zimizga vazifa qilib oldik. Shu bilan birgalikda noruda qazilmalarni o‘zlashtirish hisobiga 22 ta konlarni auksionga chiqarish va ularni sotilishi natijasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va qo‘shimcha qiymatni belgilash bo‘yicha topshiriq oldik. To‘qimachilik sanoatini rivojlantirish ham Qashqadaryo viloyatida eng rivojlanayotgan sohalardan biri. Bu yo‘nalishda demak paxtani chuqur qayta ishlashni hozirgi kunda 32 foizdan 56 foizga o‘stirishimiz kerak. Bu bilan yangi 12 ta loyiha 2,1 trillion so‘mlik loyihalar ishga tushadi. Bu bilan 3,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qurilish va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish ham oldimizda turgan asosiy vazifalardan biridir. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, Qarshi erkin iqtisodiy zonasiga “Solor” klaster tashkil etildi. Hozirgi kunda 310 milliard so‘mlik 6 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu nima beradi? Bu ertaga albatta hududiy sanoat mahsulotlarini 6 trilliondan 9 trillion so‘mga o‘sishiga, aholi jon boshiga esa 4,4 million so‘mdan 6,3 million so‘mga o‘sishiga olib keladi.
2023 yilda foydalanishdan chiqarilgan 18 ming gektar yerni foydalanishga kiritishni 22 mingta lotlarga bo‘lib, 10 ming 500 gektar yerni aholimizga tarqatishni, bu bilan birgalikda hosildorlikni oshirishni o‘zimizga maqsad qilganmiz. Shu bilan birga har bir fermer, dehqon xo‘jaliklari dalalarining chetida 7 million 200 mingta tut va tok ko‘chatlari ekiladi. Bu albatta ertaga aholimizni qo‘shimcha daromad olishi, ipakchilik sanoati, oziq-ovqat sanoati rivojiga xizmat qiladi.
23 ming gektar paxta maydonini tomchilatib sug‘orishni, 20 ming gektar g‘alla maydonini yomg‘irlatib sug‘orishni oldimizga maqsad qilganmiz. 2023 yilda 65 ming 900 gektarga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi.
Qashqadaryo viloyati sharoitida suvdan oqilona foydalanish juda muhim. Suv yetkazib berish xarajatlarimiz juda yuqori. Albatta suvni yo‘qotilishini oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda. Kelgusida 14 ming kilometr kanallar, 4 ta nasos stansiyasi, 10 kilometrdan ortiq kollektorlar klasterlarga ajratib beriladi. Shu bilan birga 300 ta tik quduqlar qazilib, 9 ming 300 ta xonadondagi 744 gektar tomorqalar suv bilan ta’minlanadi. Umuman 846 ta raqamli qurilmalar o‘rnatilib, suvni tejash va suv sohasiga 73 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda viloyatdagi 55 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetib boradi. Hozirgi kunda 1 ming 500 kilometr suv tarmoqlari tortish ishlari yakunlandi. Kelgusida bu ko‘rsatkich yanada oshadi. 60 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetkaziladi. 1 ming 600 kilometr suv tarmoqlari tortiladi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan Koson va Muborak tumanlarini ichimlik suv ta’minotini yaxshilash loyihasini tezlashtirish, umuman Qarshi shahrida kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish loyihasiga mablag‘ ajratish bo‘yicha, shu bilan birga Shahrisabz, Kitob shaharlarida kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.
Aholimizni uy-joy bilan ta’minlash va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha alohida topshiriq berildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 1512 ta xonadonli 55 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda Koson va Yakkabog‘ tumanlaridagi Yangi O‘zbekiston massivlarida 1116 xonadonli 55 ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. 1349 ta xonadonga ega 36 ta ko‘p qavatli uylar yil yakuni bilan foydalanishga topshiriladi. Shu bilan birga yig‘ilishda hurmatli Prezidentimiz tomonidan Qarshi va Kitob tumanida Yangi O‘zbekiston massivlarini tashkil etish Koson, Yakkabog‘, Ko‘kdala va G‘uzor tumanlarida Yangi O‘zbekiston massivi doirasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda qurish sur’atlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu ob’ektlar atrofida 3 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi va 3 ta tibbiyot muassasalarini joylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Agar raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2017 yil yanvar oyida Qashqadaryo viloyatida 317 ta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 2866 taga yetdi. Kundan-kunga qamrov darajasi oshib bormoqda. Albatta bog‘chalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi
Prezidentimiz tomonidan. Finlyandiya modeli asosida tuman va shaharlardagi maktablarda pilot loyiha sifatida ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. Bu yo‘nalishda ham muayyan ishlar amalga oshiriladi. Berilgan topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida viloyatning barcha tuman, shahar va mahallalari kesimida tahlillar olib boriladi. Ishlab chiqilgan aniq dasturlar asosida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.