Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 1 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon tumani adirliklarida barpo etilayotgan Yangi Andijon shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi sonining o‘sishi bilan elektr iste’moli ortib borayotganligi, yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib Andijon viloyatida quyosh panellarini o‘rnatish hamda kichik gidroelektr stansiyalar qurish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 160 megavattli quyosh panellari o‘rnatish va 41 ta mikro gidro elektr stansiya qurish rejalashtirilgan. Belgilangan ishlar doirasida shu kunlarda bir qator hududlarda gidro elektr stansiyalar qurish ishlari olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar bilan tanishish maqsadida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ana shu ob’ektlarda bo‘ldi, mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazdi.
[gallery-11162]
Viloyat hokimi GES qurilishi rejalashtirilayotgan Izboskan tumanidagi Guliston mahallasida bo‘lib, olib borilayotgan ishlar, jarayonlar bilan tanishdi. Shu yerda viloyatning turli hududlarida mini GESlar qurish tashshabbusi bilan chiqayotgan tadbirkorlar, mini GESlar qurilishini moliyalashtirish istagini bildirgan Jahon taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashdi, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, qurilish ishlarini tashkil etish xususida fikrlashdi.
Viloyatdagi gidroelektr stansiyalar qurilishiga bir guruh xitoylik mutaxassislar jalb etilgan. Ayni kunlarda hududlarda ular tomonidan ham amaliy ishlar bajarilmoqda. Jalaquduq tumanining Haqiqat mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qorag‘ulon tashlamasida ham 90 kilovatli kichik GES bunyod etilmoqda. Viloyat hokimi mazkur huddudda amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi, qurilish ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Viloyatda mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish, ya’ni yangi mini gidroelektr stansiyalar qurish, mavjud, lekin uzoq yillardan buyon ishlamay turgan mini GESlarni ishga tushirish orqali aholini elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA