Prezident tabrigidan ko‘zimga quvonch yoshlari keldi
Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini Surxondaryo viloyatining Muzrabot, Sherobod va Angor tumanlarida yashaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 30 oila Sherobod tumanidagi Bog‘i obod mahallasida kecha foydalanishga topshirilgan o‘z uylarida tinglab, qalbi bir olam faxrga to‘ldi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi homiyligida bunyod etilgan 2 sotixli yangi uy-joyda tinch, farovon turmush kechirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir yo‘la jihozlanib, zamonaviy loyihalar asosida qad rostlagan shinam va yorug‘ uylar Muzrabot, Sherobod va Angor tumanlarida turar-joyga ega bo‘lmagan yoki ota-onasi uyida istiqomat qilayotgan nogironligi bor ehtiyojmand oilalarga Yangi yil sovg‘asi sifatida tuhfa etildi.


Sherobod tumanidagi Bog‘i obod mahallasilik Xolmurod Boyto‘rayev cho‘pon bo‘lib ishlaydi. Oilada ikki farzand kamolga yetmoqda. Turmush o‘rtog‘i hech qayerda ishlamaydi. Farzandlar tarbiyasi bilan band. Oila boshlig‘ining topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. O‘rganish chog‘ida nogironligi bor Xolmurod Boyto‘rayev oilasi tashlandiq uyda yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Yangi yil arafasida ular yangi uyning kalitini qabul qilib olganida qalbi quvonchga to‘ldi. Barchaga birdek g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan Vatanda yashayotganiga shukrona aytdi.


Muzrabot tumanidagi Oriyat mahallasida istiqomat qiladigan nogironligi bor Muhabbat Shomurodova ikki farzandni tarbiyalamoqda. Ular ijarada yashab kelayotgan edi. Turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Onaxon bu yil ilk marta Yangi yilni o‘z uyida nishonladi.
– Prezidentimizning Yangi yil tabrigidagi yurtimiz tobora obod qiyofa kasb etmoqda. Minglab yurtdoshlarimiz Yangi yilni yangi uylarda kutib olmoqda, degan so‘zlarini yangi uyimizda eshitib, o‘zimni ushlab turolmadim. Ko‘zimga quvonch yoshlari keldi, – deydi Muhabbat Shomurodova. – Ana shu minglab oilaning biri biz ekanimizdan faxrlandim. Axir, yetti yildan ortiq vaqt ijarada yashab keldik. Shu davrda to‘rt marta ijara uyimizni almashtirdik. Orada farzandlarimiz ham ulg‘ayib qoldi. Turmush o‘rtog‘im uy qurish uchun pul topish maqsadida Rossiyaga ishga ketdi. Baribir uning topgani ham ijara haqi-yu, ro‘zg‘or xarajatlaridan ortmayotgan edi. Endi turmush o‘rtog‘im ham musofir yurtdan qaytadigan bo‘ldi. Bizdek ehtiyojmand, uy-joyi yo‘q oilalarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Tinch, osuda hayotimiz posbonlari homiyligida barpo etilgan mo‘’jazgina massivda mahalla markazi, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, kitob do‘koni, tibbiyot maskani, hajmi 40 tonna sig‘imga ega 21 ta intensiv baliqxona, uchta 50 tonna suv sig‘imiga ega ko‘l foydalanishga topshirildi. Ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishsiz a’zolari mehnat qilib, munosib turmush kechirish uchun zarur daromadga ega bo‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri