Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov yangi yil munosabati bilan ma’muriy sektor rahbarlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari bilan birgalikda viloyat markazidagi “Muruvvat” bolalar internat uyida bo‘lib, bolajonlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Mamlakatimiz rahbarining bolajonlarga yo‘llagan tabrigi o‘qilgach, hokim muassasada tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarga “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi.


Bu e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban internat uyi tarbiyalanuvchilari murabbiylar ko‘magida tayyorlagan she’rlari va kuy-qo‘shiqlari bilan mehmonlarga bayram kayfiyatini ulashdi. qorbobo, qorqiz va ertak qahramonlari ishtirokidagi bayram tomoshasi barchaga unutilmas zavq bag‘ishladi.

Viloyatda ayni kunda nogironligi bo‘lgan bolalarning 2033 nafari umumta’lim maktablarga, 1071 nafari maxsus internatlarga, 74 nafari inklyuziv hamda 631 nafari uyda ta’limga jalb qilingan. Xuddi shunday, jismoniy imkoniyati cheklangan 498 nafar bola bilan individual ishlarni tashkil qilishga doir ta’limga qamrab olish choralari ko‘rilmoqda.

Bu borada Buxoro shahridagi “Muruvvat” bolalar internat uyi faoliyati misolida olsak, joriy yil muassasada 266 nafar bola tarbiyalanib kelinmoqda. Muassasada “kunduzgi parvarishlash” xizmati tashkil etilib, 26 nafar bola, 2 ta maxsus maktab internatida esa 15 nafar bola “g‘amxo‘rlik guruhlari”ga jalb qilinmoqda. Kelgusi yili mazkur guruhlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.