“Prezident sovg‘asi” bolajonlarga shodlik ulashmoqda
Navoiy shahridagi “Mehribonlik uyi”da bolajonlarga “Prezident sovg‘asi” topshirildi.
Bayram bolalar bilan totli. Ularning xursandchiligi barchamizning baxtimiz, ularning quvonchi barchamizning quvonchimizdir. Har yili yangi yil arafasida jajji bolajonlar ko‘ngliga quvonch ulashib, davlatimiz g‘amxo‘rligining ifodasi sifatida “Prezident sovg‘asi” minglab bolajonlarga tortiq qilinadi. Yurtimiz sarhadlarini himoya qilish, tinchligimizni ta’minlash yo‘lida o‘zlarini fido qilgan mard va jasur yurt o‘g‘lonlarining farzandlari, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning dilbandlariga tuhfa qilinadigan sovg‘alarning 281 donasi Navoiy viloyatiga keltirildi.

Dastlab tadbirda viloyat hokimi Qobul Tursunov bolajonlarni kirib kelayotgan 2021 yil bilan muborakbod etib, yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, ular uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berish taklif etilgani yosh avlodga qaratilgan yana bir yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir.

“Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi g‘ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlagan marralarga albatta yetamiz. Yangi O‘zbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz”, − deya alohida ta’kidladi Yurtboshimiz.
Davraga Qorbobo va qorqiz, turli ertak qahramonlarining tashrif buyurishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Bolajonlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, sahnalashtirilgan bayram tomoshalari barchada katta taassurot qoldirdi.
Abduvali BO‘RIEV, Siroj ASLONOV (foto), O‘zA