“Prezident sovg‘asi” – bolajonlar quvonchi
Har yili mamlakatimizda Yangi yil bayrami oldidan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onasi Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun “Prezident archasi” tadbiri o‘tkazish an’ana tusini olgan.
2021 yilgi “Prezident archasi” tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 oktyabrdagi tegishli majlis bayoniga asosan, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun 9070 dona “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi.
“Prezident sovg‘asi” tarkibiga 16 turdagi shirinlik, 2 turdagi o‘quv qurollari, bolalar ensiklopediyasi hamda 3 turdagi jihozlar kiritilgan.
Shuningdek, joriy yilda Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Oilaviy bolalar uylari hamda SOS bolalar mahallalarining 12 yoshdan katta bo‘lgan 980 nafar tarbiyalanuvchisi uchun zamonaviy planshet ham sovg‘alar tarkibiga kiritildi.
[gallery-5245]
“Prezident sovg‘asi” respublikamiz hududlariga “Uzbekistan Airways” AJ samolyotlarida, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlariga esa davlat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining kuzatuvi ostidagi avtotransport vositasi orqali yetkaziladi.
Shu bilan birga, bolajonlarning Yangi yil bayramida munosib dam olishi uchun “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan “Yo‘lbars afsonasi” nomli teatr tomoshasi sahnalashtirilgan bo‘lib, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining telekanallari tomonidan bayram kunlari tashkil etiladigan Yangi yil teleko‘rsatuvlari doirasida namoyish etiladi.
Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan 3-15 yoshdagi bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan sovg‘alar hududiy hokimliklar ishtirokida joriy yilning 29-30 dekabr kunlari tantanali topshiriladi.
Kamola Yusupova,
Muhammad AMIN (surat), O‘zA