«Prezident sovg‘asi» aynan kimlar uchun?
Poytaxtimizda “Crafers“ qandolatchilik fabrikasida «Prezident sovg‘asi»ni qadoqlash, bezash va hududlarga jo‘natish jarayonlari amalga oshirildi. Mazkur sovg‘alar 3-15 yoshdagi «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun 10 ming nafar bolalarga mo‘ljallangan.
«PREZIDENT SOVG‘ALARI» TARKIBI...
Qayd etish lozimki, 3-15 yoshdagi 10 ming nafar bolaga mo‘ljallangan «Prezident sovg‘alari» tarkibiga O‘zbekiston Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinlik, 3 turdagi o‘quv qurollaridan tashkil topgan. Shuningdek, joriy yilda mazkur sovg‘alar tarkibiga Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda «Mehrli maktab»ning 12 yoshdan katta bo‘lgan 1 ming 95 nafar tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy elektron kitoblar, termos va shaxmat jihozlari ham kiritilgan.
NEGA AYNAN “CRAFERS”?
"Joriy yilda tayyorlanayotgan sovg‘alar uchun homiylar ko‘magida 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan, – deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov. – Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan qandolatchilik fabrikalari juda ko‘p. Mazkur sovg‘alarni tayyorlash uchun elektron savdo tashkil etilgan va tender asosida “Crafers“ qandolatchilik fabrikasi g‘olib bo‘lgan. Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, sovg‘alarni manziliga yetkazish, saqlash va egalariga tarqatish uchun maxsus ishchi-guruh faoliyati tashkil etilgan.
[gallery-10009]
Ma’lumot o‘rnida, «Prezident sovg‘asi» mamlakatning 10 ta hududi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlariga «O‘zbekiston havo yo‘llari» orqali, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlariga hududiy Davlat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari kuzatuvi ostidagi avtotransport vositalarida yetkazilishi rejalashtirilgan.
«Prezident sovg‘asi» bolajonlarga joriy yilning 29-30 dekabr kunlari topshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA