Prezident sovg‘alari ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda
Navoiy viloyatida 2026-2027 o‘quv yilini munosib kutib olish, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash hamda birinchi sinfga qadam qo‘yadigan bolajonlarga munosib sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Farzandning maktabga ilk bor borishi uning hayotidagi eng muhim va hayajonli voqealardan biri. Shu bois, mamlakatimizda bolalarning ta’lim olishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni maktab ta’limiga keng jalb etish va ilk qadamlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Prezident sovg‘asi” ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Zero, bolajonlarning qo‘liga ilk bor daftar-u qalam tutishi, yelkasiga yangi sumka osib maktab sari yo‘l olishi uning xotirasida bir umrga muhrlanadigan unutilmas lahzadir.

2026-2027 o‘quv yilida Navoiy viloyatidagi 367 ta umumta’lim maktabining 1-sinfiga 22 ming 209 nafar bolaning qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan adm.maktab.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lajak birinchi sinf o‘quvchilari uchun tayyorlangan Prezident sovg‘alari ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich yetkazilmoqda.

“Prezident sovg‘asi”dan jami 12 turdagi o‘quv qurollari, jumladan, o‘quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, oddiy va rangli qalamlar, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, o‘chirg‘ich, akvarel bo‘yoqlari, yelim hamda qalamdon kabi zarur jihozlar o‘rin olgan.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri