Prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rilyapti
Joriy yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Xususan, "Adolat" SDPning Toshkent shahar Kengashi faollari tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning Saylovoldi dasturi, unda ilgari surilayotgan maqsad va vazifalar xususida tushuntirishlar olib borilyapti.
Jumladan, 3 iyul kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Robaxon Maxmudovaning Toshkent shahridagi ishonchli vakili, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sobir Tursunovning Yakkasaroy tumani saylovchilari bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda partiyaning Toshkent shahar Kengashi vakillari, faol yoshlar va xotin-qizlar, BPTlar faollari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv avvalida ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi bilan ishtirokchilarni tanishtirdi va Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan xalqchil va ustuvor g‘oyalarning maqsad va vazifalari, mazmun va mohiyati to‘g‘risida hayotiy misollar bilan tushuntirishlar berdi.
Ta’kidlanganidek, nomzodning Saylovoldi dasturida mamlakatimizda adolatli jamiyat va huquqiy davlat barpo etishda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyaning ahamiyatini oshirish choralarini ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Saylovoldi dasturda nafaqat olimlarni, balki ixtiro va ixtirochilarning ham qo‘llab-quvvatlanishi, rag‘batlantirilishi va ularga zarur shart-sharoitlar yaratilishi ham muhim maqsad etib belgilangan.

Nomzodning ishonchli vakili mazkur maqsad va vazifalar haqida aytib o‘tar ekan iqtisodiyotning haqiqiy lokomotivi bo‘lgan injener, texnolog, agronom-mexanizator kabi mutaxassislarning sonini ko‘paytirish va malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash choralarini ko‘rilishi kabi muhim ahamiyat kasb etuvchi yo‘nalishlar qamrab olinganini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Robaxon Maxmudovaning Saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Shuningdek, joriy yilning 4 iyul kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi aholi gavjum maskanlarda, jumladan, savdo shoxobchalarida, mahallalarda partiyaning Toshkent shahar kengashi tomonidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning Saylovoldi dasturini targ‘ib qilish, saylovchilarni partiya nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz berishga chaqirish maqsadida ko‘chma targ‘ibot punktlari tashkil qilindi.

Mazkur tadbirlar davomida saylovchilarga Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning tarjimai holi, mehnat faoliyati, Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ustuvor maqsad va g‘oyalar yuzasidan batafsil tushunchalar berilib, nomzod dasturida ilgari surilayotgan takliflar aks etgan flayerlar, bukletlar va boshqa tarqatma materiallar tarqatildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Adolat” SDPning nafaqat Toshkent shahar Kengashida balki partiyaning barcha bo‘g‘inlarida faollar tomonidan tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otib, ularning huquqiy va siyosiy faolligini oshirishga, kutilayotgan muhim siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishlariga undamoqda.

“Adolat” SDP
Toshkent shahar Kengashi matbuot xizmati