Prezident saylovida imzo to‘plash: QONUNCHILIK VA AMALIYOT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga qat’iy ravishda amal qilgan holda olib borilmoqda.
Joriy yilning 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berildi. Shundan keyin ular mamlakatimiz bo‘ylab o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzosini to‘plash jarayonini amalga oshirmoqda. Saylovda ishtirok etishiga ijozat berilgan siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning ro‘yxatga olinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy soni kamida bir foiziнинг imzosini to‘plashi kerak. Bu Prezident saylovining muhim jihatlaridan biridir.

1990 yilda YeXHT Kopengagen hujjatida nomzodlarni saylanish huquqi xaqida fikr yuritilib, ushbu huquq fuqarolarning asosiy fuqarolik va siyosiy huquqlardan biri sifatida e’tirof qilinadi. Mamlakatlarda saylov organlari odatda nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun javobgar hisoblanadi. Barcha da’vogarlar erkin va teng shart-sharoitlarda saylovda nomzod sifatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur.
Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.
Shu bois, saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli guvohnomalar taqdim etildi. Siyosiy partiya o‘zining vakolatli vakiliga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risida guvohnoma berilganidan keyingina nomzodni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli. Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar hisobga olinmaydi. Shu o‘rinda xaqli savol tug‘iladi, Vakolatli vakil kim va ular qanday asosiy vazifalarni hal etadi? Demak, vakolatli vakil, birinchi navbatda, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalovchi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga barcha masalalarni hal qiluvchi siyosiy partiyaning vakili xisoblanadi. Vakolatli vakilning saylov kompaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta’minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Saylovchilar imzolarini to‘plash uchun Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga imzo varaqalarining blankalarini beradi.
Imzolar to‘planishini tashkil etish uchun siyosiy partiyalarning tuman, shahar kengashlari va ijroiya qo‘mitalari a’zolari, partiyalarning tuman, shahar tashkilotlari xodimlari orasidan mas’ul shaxslar tayinlanadi. Shuningdek, siyosiy partiyalar boshlang‘ich tashkilotlari rahbarlari ham imzolar to‘plashni uyushtirishi mumkin. Hozirda mamlakatimizda imzo to‘plash jarayonida fuqarolarimiz xolis ishtirok etmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining imzolar to‘plash jarayonining yana bir muhim jihati shundaki saylovchilar bitta yoki bir nechta nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga xaqli. Ushbu qoida Saylov kodeksining 38-moddasida o‘z ifodasini topgan. Ushbu qoida demokratik mezonlardan biri bo‘lib, saylovda imzo to‘plashda fuqarolarning o‘zi xohlagan bir yoki bir nechta siyosiy partiya nomzodlariga erkin munosabat bildirishi imkonini yaratadi. Sababi fuqarolarni o‘zi ishonch bildirgan nomzodni tanlaydigan jarayon aynan saylov kuni amalga oshiriladi. Bu jarayon faqatgina imzo to‘plash jarayoni xolos.
Shuningdek, imzo varaqalarini to‘ldirishda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi. Mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o‘z imzosini qo‘yadigan saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saylovchining iltimosiga ko‘ra imzo to‘plashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilmoqda.
Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi
Imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek, tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi. Darxaqiqat, bugungi kunda fuqarolarimizning siyosiy faolligi ancha o‘zgargani, Prezident saylovi jarayonlariga ularni befarq emasligi, aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini aynan imzo yig‘ish jarayonida faol ishtirok etayotganidan bilib, olsa bo‘ladi. Sababi ushbu jarayonda ular tomonidan saylov qonunchiligida ko‘rsatilgan barcha talablar doirasida, har bir nomzodni sinchiklab o‘rganib, qo‘llab quvvatlash uchun imzo varaqalariga imzo qo‘ymoqdalar.
Saylov kodeksining 39-moddasiga muvofiq, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshiriladi. Unga ko‘ra, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirilib, tekshiruv o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida siyosiy partiyalarga oldindan ma’lum qilinadi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi
Shuningdek, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirilishi jarayonida ishtirok etadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhi tuzilib, ushbu guruh tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi
Saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalar respublikamizning barcha hududlarida imzo to‘plash jarayonlari tamomlanganidan so‘ng, siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.
Shu bilan birga imzo to‘plash jarayonlari yakunlanishiga ham oz fursat qoldi. Respublikaning barcha hududlarida aholining barcha qatlamlari vakillari o‘z ixtiyori bilan, ko‘tarinki kayfiyatda, eng muhimi, zimmalaridagi burch va mas’uliyatni chuqur anglagan holda nomzodning saylovda ishtirok etishiga xayrixohlik bildirmoqdalar.
Imzo to‘plash jarayonlari yakunlanmoqda.
Axror Xudoyberdiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi
Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i,
yuridik fanlar doktori, professor
O‘zA