Prezident saylovi jarayonlarini qanday yoritish kerak
Andijon viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini ommaviy axborot vositalarida yoritish, aholining saylov jarayonlari bilan o‘z vaqtida xabardor qilib borish, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Asadbek Xodjayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident saylovini o‘tkazish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillaridan tuzilgan Ishchi guruh a’zolari, tuman, shahar hokimliklari matbuot xizmatlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizda huquqiy-demokratik va fuqarolik jamiyatining shakllanishida demokratik, xalqaro me’yor va talablar asosida o‘tkaziladigan Prezident saylovining ahamiyati, Prezident saylovi tizimi va jarayonini demokratlashtirish, takomillashtirish, saylovlarga oid xalqaro me’yorlarni joriy etish borasida qonunlar doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganligi ta’kidlandi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining shaffof, adolatli, belgilangan qonun va tartiblar doirasida o‘tishida ommaviy axborot vositalarining roli nihoyatda katta, – deydi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Asadbek Xodjayev.
[gallery-3395]
– OAV saylovning har bir jarayonini tezkor, xolis yoritib borishga alohida e’tibor qaratish, yoritish jarayonida esa birinchi navbatda qonunchilikda belgilangan tartiblarga qat’iy amal qilish muhimdir.
Yig‘ilishda Prezident saylovining har bir jarayoni xususan, okrug, uchastka saylov komissiyalari faoliyati, Prezidentlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlarni, saylovga tayorgarlik va o‘tkazilishi bilan bog‘liq jarayonlar, shuningdek, siyosiy partiyalarning targ‘ibot tadbirlarini yoritishda ularga teng imkoniyatlar yaratish, aholining saylov qonunchiligi borasidagi bilim va tushunchalarini boyitish, umuman, Prezident saylovi bilan bog‘liq boshqa barcha jarayonlarni yortishda ommaviy axborot vositalari oldida turgan muhim vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, saylov jarayonlarini yoritish bo‘yicha hududiy media-reja ishlab chiqish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV(surat), O‘zA