Prezident qarorlari ijrosi turizm rivojiga xizmat qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi “Qashqadaryo viloyatida tog‘li-rekreatsion hududlarda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish, zamonaviy turistik markazlar tashkil etish va investitsiyalarni keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq, “Shahrisabz” va “Maydanak baland tog‘” turistik markazlarini rivojlantirish va boshqarish maqsadida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti tashkil etildi. Ushbu tuzilma doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, sohadagi boshqaruv samaradorligi oshirildi.

“Shahrisabz” turistik markazini barpo etish uchun 240 gektar yer maydoni ajratilib, master-reja asosida yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarildi. Natijada lotlar yuqori qiymatda sotilib, investorlar tomonidan qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Bugungi kunda hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, elektr ta’minoti, internet infratuzilmasi hamda ichki yo‘llar qurilishi izchil amalga oshirilmoqda.

Qaror ijrosi doirasida tijorat banklari va xususiy sektor ishtirokida qator yirik investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etildi. Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan zamonaviy mehmonxona, xostel va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini o‘z ichiga olgan yirik majmua barpo etildi. “Asakabank” ishtirokida mehmonxona va savdo-komplekslari qurilib, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, Milliy bank tomonidan dor yo‘li, avtoturargoh va servis infratuzilmasi tashkil etildi.

Hududning jozibadorligini oshirish maqsadida “Oqdaryo” daryosi bo‘ylab piyodalar va veloyo‘laklar, osma ko‘priklar, tungi yoritish tizimlari barpo etildi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun zamonaviy kuzatuv vositalari o‘rnatilib, turist-politsiya xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etilib, kam ta’minlangan fuqarolarga shartnoma asosida foydalanishga berildi. Hududda bolalar maydonchasi, yoshlar xiyoboni va nuroniylar maskani kabi ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari ham barpo etildi.

“Maydanak baland tog‘” turistik markazida ham qaror ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, planetarium, observatoriya va astronomik muzeyni zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Umuman olganda, mazkur qaror ijrosi doirasida hududga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 1 trillion 280 milliard so‘mdan oshdi. Natijada 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Belgilangan rejalarga ko‘ra, 2030-yilga qadar ushbu turistik markazlarga tashrif buyuruvchi mahalliy sayyohlar sonini 3 million nafarga, xorijiy sayyohlar sonini esa 200 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bu kabi amaliy natijalar Prezident qarorlari ijrosi izchil ta’minlanayotgani, turizm sohasida yangi o‘sish nuqtalari shakllanayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Nuriddin Avloqulov,
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va
Hukumati hujjatlari ijrosini nazorat qilish
sho‘’basi bosh maslahatchisi.
O‘zA