Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylarga quyosh panellari o‘rnatildi. Bu qanchalik samara beradi?
“Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etilayotgan 10 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 200 ta xonadonga quvvati 200 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.

Mazkur quyosh elektr stansiyalari xonadonlardagi maishiy texnikalar, jumladan yoritish chiroqlari, televizor, muzlatgich, kompyuter kabi elektr jihozlarini uzluksiz ravishda ishlatish imkonini beradi.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, ushbu ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan quyosh panellari hisobiga yil davomida 300 ming kilovatt soat elektr iqtisod qilish mumkin.

Agar har bir xonadon 1 kilovatt elektr toki uchun 295 so‘m to‘lashini inobatga olsak bu – mana shu 200 ta xonadon yiliga 88,5 million so‘m mablag‘ni tejab qolishini anglatadi.
Zarif Komilov,
O‘zA