Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida “Envision” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 6,5 MVt quvvatli turbinasi o‘rnatildi. Turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi. Ushbu yirik loyiha doirasida jami 158 ta ana shunday shamol turbinalari o‘rnatiladi.

Mazkur elektr stansiyalarining ilk quvvatlari 2024 yilda ishga tushiriladi.
Stansiyalar to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 3 milliard 600 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard 100 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Atmosferaga 1 million 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Loyiha doirasida uzunligi 260 km bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari quriladi. Mazkur elektr uzatish tarmoqlari energetika tizimining shimoli-g‘arbiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) hamda janubi-g‘arbiy (Buxoro va Navoiy viloyatlari) qismlarining bog‘lanishini mustahkamlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA