Prezident qarori amalda: tomorqa daromad manbai
Jizzax viloyatining barcha qishloq va mahallalarida tomorqadan samarali foydalanish, o‘zini o‘zi band qilish orqali tomorqachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, mahsulotlar sifati va miqdorini oshirish, ayniqsa qishloq hududlarida aholi bandligini ta’minlash, bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.


Viloyatning Do‘stlik va Forish tumanlarida aholi tomorqasidan samarali foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv-seminarlarida ham ushbu hujjatlarning ijrosi va ahamiyati haqida so‘z bordi.
Do‘stlik tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari va mahalla oqsoqollari ishtirokida “Alisher Navoiy”, “Manas”, “Navro‘z”, “Qahramon”, “Oltin vodiy”, “Saritepa”, “Bunyodkor” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi tomorqalardan samarali foydalanish ishlari muhokama etildi.


Unda tomorqadan unumli foydalanib, ro‘zg‘or uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
Forish tumani dehqon, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi “Xonbandi” MFY ma’muriyati bilan hamkorlikda shu mahallaning “Tibbiyot” ko‘chasida yashovchi A.Izbosarov, M.Dovilova xonadonida tomorqadan samarali foydalanish ishlari bilan tanishildi. Aholi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida tomorqadan samarali foydalanish, “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyili asosida mahallani muayyan turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish, aholi tomorqasidan yil davomida 2-3 marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashinildi.

Shuningdek, seminarda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar tomorqasiga ekin ekish uchun yerni tayyorlash, ko‘chat bilan ta’minlash, urug‘lik yetkazib berishda ko‘maklashish, mahallada 15-20 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlashga mo‘ljallangan sovutkichli omborxona tashkil etish haqida ham so‘z yuritildi.
Do‘stlik va Forish tumanlarida tashkil etilgan har ikki tadbirda tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarning bozor rastalaridan o‘rin olishi oilalarga moddiy yordam bo‘lishi barobarida, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim yechim ekani ta’kidlandi.
Shu kabi seminarlar viloyatning boshqa hududlarida ham belgilangan jadval asosida o‘tkaziladi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA